Dzyudo: Diyora Keldiyorova ikki karra Osiyo chempioniga aylandi

Sport

image

Bugun, 4 avgust Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionati boshlandi. Musobaqa birinchi kungi bahslari O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari uchun muvaffaqiyatli keldi.

-52 kg vazn toifasida bahslarga kirishgan Diyora Keldiyorova finalda amaldagi Jahon chempioni  yaponiyalik Ai Sisimeni tezkor ippon evaziga mag‘lub etdi va musobaqaning oltin medalini qo‘lga kiritdi.

Keldiyorova finalgacha vetnamlik Thuy Nguyen va koreyalik Yerin Junglarni mag‘lubiyatga uchratgan edi. Mazkur vazn toifasidagi bronza medallari esa Mo‘g‘uliston vakilasi Xorlodoi Bishrelt hamda Janubiy koreyalik Yerin Junglarga nasib qildi.

Eslatib o‘tamiz, Diyora Keldiyorova joriy yilning 24-26-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan Ulanbatordagi “Katta Dubulg‘a” musobaqasida ham chempionlikka erishgan edi.

Erkaklar o‘rtasida -66 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan Muhriddin Tilovov musobaqaning bronza medali sohibiga aylandi.

Muhriddin yarim finalda mo‘g‘ulistonlik Basxu Yondonperenleynga imkoniyatni boy bergan. U 3-o‘rin uchun kechgan bahsda boshqa bir Mo‘g‘uliston vakili Erxembayar Battogtoxga qarshi kurash olib borib, oltin ochko uchun kechgan qo‘shimcha bo‘limdagi vazari bahosi evaziga bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Final bahsida yaponiyalik Ryoma Tanakani mag‘lub etgan Basxu Yondonperenleyn esa Osiyo chempionligini tantana qildi. Ikkinchi bronza medali esa mezbonlar vakili Gusman Kirgizbayevga nasib etdi.

Shuningdek, ayollar o‘rtasida -57 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan Nilufar Ermaganbetova ham musobaqaning bronza medali sohibiga aylandi.

Nilufar final yo‘llanmasi uchun kechgan bahsda xitoylik Say Siga imkoniyatni boy berib qo‘ygan. 3-o‘rin uchun bahsda mezbonlar vakilasi Sevara Nishanbayevaga qarshi kurash olib bordi va bahs yakuniga 33 soniya qolganda ippon bahosini qo‘lga kiritib, musobaqaning bronza medaliga ega chiqdi.

Ma’lumot uchun, dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionati 7 avgustga qadar davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

dzyudo Osiyo chempionati Diyora Keldiyorova

Baholaganlar

100

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing