DYHXX “tonirovka” masalasida haydovchilarni ogohlantirdi
Jamiyat
−
12 Sentabr 2019
11489O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati “tonirovka” uchun to‘lovlar bir necha marotaba arzonlashtirilib, qulaylik yaratilganiga qaramay, mavjud tartiblarni buzayotgan haydovchilar uchratganini ma’lum qildi. Shu sababdanDYHXX haydovchilarni ogohlantirdi.
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 2 avgustdagi 646-son qarori talablari asosida oynalarining tusi o‘zgartirilgan ko‘plab transport vositalari ko‘chalarimizda ko‘zga tashlanmoqda. Yaratilgan bunday qulaylikdan transport vositalari haydovchilari, shu jumladan respublika hududiga tashrif buyurayotgan sayyohlar mamnun bo‘lishmoqda.
To‘g‘ri, avvallari transport vositalarining orqa va orqa yon oynalarining tusini o‘zgartirish ancha qimmat edi, ya’ni 18 million 245 ming 700 so‘mni tashkil etardi.
Fuqarolarning taklif va istaklari inobatga olinib, ularga qulaylik yaratish maqsadida orqa oynalar tusini cheklanmagan miqdorda to‘lovsiz qoraytirishga ruxsat berildi.
Orqa yon oynalarining tusini ham cheklovsiz o‘zgartirish ruxsatnoma asosida 2 million 223 ming so‘mga amalga oshirilishi belgilandi.
Xattoki, qaror bilan old yon oynalarning tusini ham yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 50 foizdan kam bo‘lmagan darajada o‘zgartirishga ruxsat berildi. Orqa va orqa yon oynalarning tusini o‘zgartirish(qoraytirish)ga ruxsatnoma olish uchun to‘lovlar narxlari ham sezilarli darajada pasaytirildi va 11 million 150 ming so‘m qilib belgilandi.
Shuningdek ushbu qaror bilan DYHXX bo‘linmalarida oynalarning tusuni o‘zgartirganlik uchun ruxsatnoma va maxsus galogrammalar berilmoqda.
Shunga qaramay ming afsuslar bo‘lsinki, transport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish)ning tartiblarini buzayotgan, bu talablarni mensimayotgan yoki unga amal qilmayotgan haydovchilar ham bor.
Masalan, faqatgina orqa va orqa yon oynalarning cheklovsiz qoraytirish belgilangan bo‘lsada, ayrim haydovchilar transport vositaslarining old yon oynalari tusini ham cheksiz darajada qoraytirib olishmoqda va bu bilan qaror talablarini qo‘pol ravishda buzmoqdalar.
Eng achinarlisi ayrim haydovchilar amaldagi qonun va qaror talablarini mensimasdan, hech qanday ruxsatnomalar olmagan holda transport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirib(qoraytirib) olishmoqda.
Qoidalar behudaga ishlab chiqilmaydi. Shunday ekan, har bir harakat ishtirokchisi yaratilgan sharoitlardan to‘g‘ri foydalanishi shart. Aks holda qoidabuzarlik uchun jazo muqarrardir.
Eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 126-moddasi shunday deyiladi:
“Texnik reglamentga muvofiq bo‘lmagan ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali transport vositalaridan, xuddi shuningdek haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatilgan yoki qoplamalar surtilgan transport vositalaridan foydalanish, bundan belgilangan tartibda oynalarni qoraytirish uchun tegishli ruxsatnoma berilgan transport vositalari mustasno, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bu 5 million 68 ming 250 so‘mni tashkil etadi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bu 8 million 109 ming 200 so‘mni tashkil etadi.
Bundan tashqari, transport vositasi kamchiliklari bartaraf etilgunga qadar vaqtinchalik jarima maydoniga qo‘yiladi.
Albatta, yuqorida aytib o‘tilganlardan transport vositalari oynalarining tusini qaror talablariga zid ravishda o‘zgartirib (qoraytirib) yurgan haydovchilar to‘g‘ri xulosa chiqarishadi.
Eng muhimi transport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirish(qoraytirish)ni niyat qilgan har bir haydovchidan, u hoh jismoniy, hoh yuridik maqomga ega bo‘lishidan qat’iy nazar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori talablari asosida ish yuritishi lozim.
Haydovchilardan transport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish) ishlarini qaror talablari asosida, joriy etilgan ruxsatnoma va maxsus galogrammalarni o‘z vaqtida rasmiylashtirgandan so‘ng amalga oshirishlarini so‘rab qolamiz”, deyiladi DYHXX Matbuot xizmati bayonotida.
LiveBarchasi