“Do‘stlikning chegarasi yo‘q”. Rossiya va Xitoy qo‘shma bayonot imzoladi
Olam
−
04 fevral 2022
9456Rossiya va Xitoy “yangi davrga kirayotgan xalqaro munosabatlar va global barqaror rivojlanish to‘g‘risida”gi qo‘shma bayonotni qabul qildi. Hujjat Kreml saytida chop etildi.
Ta’kidlanishicha, Rossiya va Xitoy alohida davlatlar tomonidan boshqa davlatlarga bosim o‘tkazish uchun demokratiya tushunchasidan foydalanilishiga qarshi.
“Tomonlarning ishonchi komilki, demokratiya va inson huquqlarini himoya qilish boshqa davlatlarga bosim o‘tkazish vositasi sifatida ishlatilmasligi kerak”, deyiladi hujjatda.
Xavfsizlik kafolatlari
Xitoy Rossiya tomonidan Yevropada xavfsizlik kafolatlarini shakllantirish bo‘yicha ilgari surilgan takliflarga tushunish bilan yondashadi va qo‘llab-quvvatlaydi.
“Xitoy tomoni Rossiya Federatsiyasi tomonidan Yevropada uzoq muddatli qonuniy majburiy xavfsizlik kafolatlarini shakllantirish bo‘yicha ilgari surilgan takliflarga tushunish bilan yondashadi va qo‘llab-quvvatlaydi”, deyiladi hujjatda.
Moskva va Pekin, shuningdek, mafkuraviy asosda bo‘linish chegaralarini chizish va maxsus ittifoqlar tuzishga urinishlar demokratiya tamoyillariga to‘g‘ri kelmasligiga ishonch hosil qiladi.
“Tomonlarning qayd etishicha, demokratik tamoyillar nafaqat ichki boshqaruv, balki jahon miqyosida ham amalga oshirilmoqda. Ayrim davlatlarning boshqa mamlakatlarga o‘z “demokratik standartlari”ni tatbiq etishga, demokratiya mezonlariga muvofiqlik darajasini baholash bo‘yicha monopoliya huquqini o‘zlariga moslashtirishga, mafkuraviy asoslar bo‘yicha, shu jumladan, tor formatdagi standartlarni yaratish yo‘li bilan ajratishga urinishlari, bular aslida demokratiyani oyoq osti qilish, uning ruhi va haqiqiy qadriyatlaridan chetga chiqish namunasidir”, deyiladi qo‘shma bayonotda.
Moskva va Pekinning fikricha, “gegemon sifatida harakat qilishga bo‘lgan bunday urinishlar global va mintaqaviy tinchlik va barqarorlikka jiddiy tahdid soladi hamda jahon tartibi barqarorligiga putur yetkazadi”.
Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik
Hujjatda ta’kidlanishicha, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlikning chegarasi yo‘q, hamkorlikda “taqiqlangan hududlar” mavjud emas, ikki tomonlama strategik hamkorlikni mustahkamlash uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmagan.
“Ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlikning chegarasi yo‘q, hamkorlikda taqiqlangan zonalar yo‘q, ikki tomonlama strategik hamkorlikni mustahkamlash uchinchi davlatlarga qarshi qaratilgan emas, u o‘zgaruvchan xalqaro muhit va uchinchi mamlakatlardagi vaziyat o‘zgarishlari ta’sirida emas”, deyiladi hujjatda.
Moskva va Pekin “ular jahon kuchlari o‘rtasida o‘zaro hurmat, tinch-totuv yashash va o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan yangi turdagi munosabatlarni shakllantirish tarafdori” ekanini ta’kidlagan.
Avvalroq, Rossiya va Xitoy rahbarlari Vladimir Putin va Si Szinpin muzokaralarni boshlagani haqida xabar bergandik.
Xitoyda safarda bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti muzokaralardan so‘ng Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etishni rejalashtirgan.