“Do‘st og‘ir kunda bilinadi”. Ozarbayjon Turkiyaga yordam bermoqchi

Olam

image

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning topshirig‘iga muvofiq, Turkiyadagi o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish va ularning keng tarqalishini oldini olish maqsadida mamlakatga yordam guruhlari yuboriladi. Bu haqda Ozarbayjon Prezidentining yordamchisi — Davlat rahbari ma’muriyatining tashqi siyosat masalalari bo‘limi boshlig‘i Hikmet Hojiyev ma’lum qildi.

“Bu borada davlat rahbari Bosh vazir va Favqulodda vaziyatlar vazirligiga kerakli ko‘rsatmalarni berdi. Tegishli davlat tuzilmalari Turkiya tomoni bilan bog‘landi va imkon qadar tezroq yordam guruhlari qardosh mamlakatga yo‘l oladi”, degan Hojiyev. 

Ozarbayjon Prezidenti matbuot xizmatining xabar berishicha, Aliyev Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anga ta’ziya yo‘llagan. Aliyev Ozarbayjon xalqi nomidan halokatli yong‘inlarda halok bo‘lganlarning oilalari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan va qurbonlarga tezroq sog‘ayib ketishini tilagan.

Avvalroq, Ukraina Turkiyani qamrab olgan o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish uchun mamlakatga ikkita samolyot yuborgandi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiyaning g‘arbiy va janubiy sohillarida 28 iyuldan beri o‘rmonlar yonmoqda. Olov Antaliyaning mashhur turistik hududiga ham yetib borgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in mintaqadagi kuchli jazirama tufayli kelib chiqqan. Antaliya ma’muriyati bu so‘nggi yillardagi eng kuchli yong‘in bo‘lganini ta’kidlamoqda. 

Yong‘in qurbonlari soni 4 kishiga yetgan, 183 kishi jarohatlangan. 58 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Yong‘in oqibatida 100 dan ortiq xususiy uylar va inshootlar zarar ko‘rgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

257

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing