Dushanbeda Counter Strike va GTA taqiqlandi
Olam
−
31 Oktabr
2159Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridagi kompyuter o‘yini markazlarida Counter strike, Grand theft auto (GTA) va shu kabi axloqsizlik va zo‘ravonlik mazmunidagi o‘yinlarni o‘ynash taqiqlandi. Bu haqda Tojikiston Ichki ishlar vazirligining Dushanbe shahri boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tojikiston Madaniyat vazirligi xulosasiga ko‘ra, bu o‘yinlar zo‘ravonlik, shafqatsizlik, qotillik va o‘g‘rilik elementlarini o‘z ichiga oladi. Yana qaysi o‘yinlar taqiqqa uchragani aniq ko‘rsatilmagan.
Huquqni muhofaza qilish organlarining tahlillariga ko‘ra, ba’zi yoshlar va o‘smirlar muntazam ravishda bunday o‘yinlarga jalb qilinib, ularning salbiy ta’siriga duch keladi va turli jinoyatlar sodir etadi.
“Shu munosabat bilan davlat organlari fuqarolarni bolalarining o‘ynayotgan o‘yinlarini nazorat qilishga chaqiradi va zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi o‘yinlardan saqlanishini so‘raydi”, deydi poytaxt IIB.
Bildirilishicha, ushbu taqiqni ta’minlash maqsadida poytaxtdagi internet-kafelarda muntazam reydlar va tekshiruvlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan “IESF Asian Championship 2023” musobaqasida o‘zbekistonlik kibersportchilar Counter-Strike: Global Offensive bo‘yicha Osiyo chempioni bo‘lgan edi.
LiveBarchasi