Durov Telegram Fransiyada norozilik vositasiga aylanganidan faxrlanishini aytdi
Olam
−
10 Sentabr 3062 2 daqiqa
Telegram asoschisi Pavel Durov messenjerning Fransiyada Prezident Emmanuel Makronning “muvaffaqiyatsiz siyosati”ga qarshi norozilik namoyishlarida tutgan rolidan faxrlanadi. Bu haqda u o‘zining X sahifasida yozdi.
“Telegram Fransiyada Makronning muvaffaqiyatsiz siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari vositasi ekanidan faxrlanaman. Sakkiz yillik e’tiborsizlikdan so‘ng odamlar quruq piar va posturiyadan charchadi, endilikda ular javob qaytarmoqda”, deya yozgan tadbirkor.
“Reuters”ning yozishicha, 10 sentyabr kuni Fransiyada keng ko‘lamli norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda, ishtirokchilar “Hamma narsani blokirovka qiling” shiorini qo‘llab-quvvatlamoqda. Harakat may oyida o‘ta o‘ng guruhlar o‘rtasida internetda paydo bo‘lgan. Hozir uni chap qanot faollari qo‘llab-quvvatlamoqda. Biroq, harakat markazlashmagan va ijtimoiy tarmoqlar hamda Telegram orqali o‘z-o‘zidan yaratilgan, shuning uchun agentlik namoyishlar qanchalik keng ko‘lamli bo‘lishi mumkinligini taxmin qila olmasligini yozgan.
Pavel Durov o‘tgan yili 24 avgust kuni kechqurun Parij aeroportida qo‘lga olingandi. Fransiya hukumati Durovni hibsga olish uchun orderni 2024 yil 25 martda bergan. Shu bilan birga, uning akasi, Telegram asoschisi Nikolay Durovni hibsga olish uchun ham order berilgandi. Hibsga olish uchun orderlar “voyaga yetmaganlarning pornografik tasvirlariga egalik qilish, tarqatish yoki ulardan foydalanishni taklif qilishda ishtirok etganlik” uchun chiqarilgan.
26 avgust kuni tushdan keyin Fransiya prokuraturasi 12 ta jinoyat bo‘yicha noma’lum shaxslarga nisbatan tergov harakatlari olib borilayotgani haqida press-reliz e’lon qildi. Ular orasida vakolatli organlar so‘roviga ko‘ra ma’lumot berishdan bosh tortish, voyaga yetmaganlarning pornografik tasvirlarini saqlashga sheriklik, giyohvand moddalarni tarqatishda ishtirok etish, xakerlik dasturlarini tarqatishda ishtirok etish kabilar bor.
28 avgust kuni Durov Parijda hibsdan 5 million yevro garov evaziga ozod qilindi. Unga Fransiyadan chiqib ketish taqiqlandi va haftasiga ikki marta politsiyaga xabar berib turishi sharti qo‘yildi.
Keyinroq esa Durov hozirgacha Fransiyani tark eta olmaganidan ajablanayotgani va bundan norozi ekanini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Fransiya Milliy Assambleyasi Fransua Bayru hukumatiga ishonchsizlik votumini qabul qilganidan bir kun o‘tib, mamlakat Mudofaa vaziri va uning ittifoqchisi Sebasten Lekornyuni Bosh vazir etib tayinlagandi.
Live
Barchasi