Durov Parijni Ruminiyadagi saylovlarga aralashishda aybladi

Olam

image
Durov Putinga kerakmi? north_east

Durov Putinga kerakmi?

Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov rasmiy Parijni Ruminiyadagi saylovlarga ta’sir o‘tkazishga urinishda aybladi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida yozdi.

“G‘arbiy Yevropa hukumati (taxmin qiling, qaysi?) bugungi prezidentlik saylovlari oldidan Ruminiyadagi konservativ ovozlarni o‘chirishni so‘rab, Telegram'ga murojaat qildi. Men qat’iyan rad etdim. Telegram ruminiyalik foydalanuvchilarning erkinliklarini cheklamaydi yoki ularning siyosiy kanallarini bloklamaydi.

Siz demokratiyani yo‘q qilish orqali “demokratiyani himoya qila olmaysiz”. Siz saylovlarga aralashish orqali “saylov aralashuviga qarshi kurasha olmaysiz”. Sizda so‘z erkinligi va adolatli saylovlar bor bo‘lishi mumkin yoki yo‘q. Ruminiya xalqi esa ikkalasiga ham munosib”, deb yozdi Durov.

Uning yozishicha, joriy yil bahorda Parij shahrida joylashgan Hôtel de Crillon'dagi Salon des Batailles'da fransuz razvedkasi rahbari Nikolas Lerner Durovdan saylovlar oldidan Ruminiyada konservativ ovozlarni taqiqlashni so‘ragan. U esa bu talabni rad etgan. 

“Biz Rossiya, Belarus yoki Erondagi namoyishchilarga to‘sqinlik qilmadik. Biz buni Yevropada qilishni boshlamaymiz”, dedi Telegram asoschisi.

Rasmiy Parij esa bu ayblovlarni qat’iyan rad etdi va barchani mas’uliyat va Ruminiya demokratiyasini hurmat qilishga chaqirdi. 

“Telegram va Twitter'da Fransiyaning Ruminiyadagi prezidentlik saylovlariga aralashuvi bo‘yicha mutlaqo asossiz ayblovlar tarqalmoqda. Fransiya bu ayblovlarni rad etadi”, deya bayonot berdi Fransiya Tashqi ishlar vazirligi.

Fransiya TIVning eslatishicha, o‘tgan dekabr oyida Ruminiyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichi Rossiya bilan bog‘liq bo‘lgan aktyorlarning juda real raqamli va moliyaviy aralashuvi oqibatida Ruminiyaning vakolatli organlari tomonidan suveren ravishda bekor qilingan. Keyinchalik Ruminiya rasmiylari va Yevropa Komissiyasi tomonidan olib borilgan keyingi tekshiruvlar ushbu aralashuvlarning jiddiyligini, jumladan TikTok algoritmini manipulyatsiya qilish bilan bog‘liqligini tasdiqlagan.

“Shu nuqtai nazardan, Fransiyaga qarshi so‘nggi ayblovlar Ruminiyani nishonga olgan haqiqiy aralashuv tahdidlaridan chalg‘ituvchi manyovrdir. Fransiya Ruminiyaning barcha siyosiy ishtirokchilarini mas’uliyatni his qilishga va demokratiyani himoya qilishga chaqiradi.

Hamkor va do‘st sifatida biz Fransiya Ruminiyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi, islohotlari, Shengenga kirishi va taraqqiyoti uchun tarafdor bo‘lganini eslaymiz.
Fransiya haqida yolg‘on gapirish, uni haqorat qilish bu tarixni buzishdir”, deyiladi TIV bayonotida.

Shu bilan birga, Ruminiya Tashqi ishlar vazirligi ham ovoz berishda “Rossiya aralashuvi alomatlari”ni sezganini e’lon qildi. Vazirlik “Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda soxta yangiliklarning virusli kampaniyasi olib borilganini” ta’kidladi.

Qayd etish joiz, Fransiyada Durovga nisbatan tergov ketmoqda. U o‘tgan yili 24 avgust kuni kechqurun Parij aeroportida qo‘lga olingan. Unga vakolatli organlar so‘roviga ko‘ra ma’lumot berishdan bosh tortish, voyaga yetmaganlarning pornografik tasvirlarini saqlashga sheriklik, giyohvand moddalarni tarqatishda ishtirok etish, xakerlik dasturlarini tarqatishda ishtirok etish kabi ayblovlar qo‘yilgan.  

28 avgust kuni Durov Parijda hibsdan 5 million yevro garov evaziga ozod qilindi. Unga Fransiyadan chiqib ketish taqiqlandi va haftasiga ikki marta politsiyaga xabar berib turishi sharti qo‘yildi.

Joriy yilning 13 mart kuni Fransiya sudi tomonidan Durovga mamlakatdan chiqib ketishga ruxsat berildi va u Dubayga ketdi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 may kuni Ruminiyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida Buxarestning liberal-progressiv meri Nikushor Dan g‘alaba qozongandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Pavel Durov Telegram Ruminiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing