Durov farzandlarining onasi Telegram aktivlariga da’vo qilmoqda
Olam
−
19 Sentabr
3526Pavel Durovning uch nafar farzandining onasi Irina Bolgar Telegram messenjerini birgalikda orttirilgan mulk deb atab, uning aktivlariga da’vo qilmoqda. Bu haqda ayol o‘zining Instagram’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Irina Bolgar Pavel Durov bilan ro‘yxatdan o‘tmagan holda 10 yil davomida birga yashab kelgan – bu vaqt ichida juftlikning uch farzandi dunyoga kelgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, oilaning barcha muhim aktivlari faqat Durov nomiga rasmiylashtirilgan.
“Men ulardan ishonchnomalar orqali foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldim, garchi aktivlarni ishlatishga ruxsat berilgan bo‘lsalar-da, mening huquq va manfaatlarim to‘liq himoya qilinmagan hamda ma’lum bo‘lishicha, istalgan vaqtda buzilishi mumkin edi”, deydi u.
Uning ta’kidlashicha, nikoh rasman ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa-da, Telegram messenjerini “birgalikda orttirilgan mulk” deb hisoblaydi. Bolgarning so‘zlariga ko‘ra, u bolalar uchun trast fondlar ochilishi haqidagi va’dalarga ishongan, ammo bu amalga oshirilmay qolib ketgan. Shuningdek, Durov unga va bolalariga qimmat ko‘chmas mulk olib bermagan.
“U og‘zaki va yozma barcha kelishuvlarimizni buzdi, va’dalari esa bajarilmasdan qolib ketdi”, deydi ayol.
Bolgarning ta’kidlashicha, ayrim davlatlarda gap mol-mulkka egalik huquqi haqida ketganda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan munosabatlar ham rasmiy nikoh maqomiga ega. Boshqa mamlakatlarda esa fuqarolik qonunchiligidan kelib chiqib, birgalikda erishilgan mulkka da’vo qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zini Telegram asoschisi Pavel Durovning uch farzandining onasi deb atagan Irina Bolgar unga qarshi Shveysariyada jinoiy ish qo‘zg‘atgandi. 2023 yil mart oyida Jenevada berilgan da’voda Bolgar Durov o‘z farzandlaridan birini jismoniy zo‘ravonlik qilganini da’vo qilgandi.