Dunyoning eng ko‘p aholisiga ega millat xavfli kamayishga yuz tutmoqda

Olam

image

Xitoyda aholi sonining o‘sish sur’ati sezilarli darajada sekinlashdi, 2025 yilga borib mamlakat aholisi o‘sishi to‘xtab, tabiiy ravishda kamayishi boshlanishi kutilmoqda. Bu haqda “Global Times” xabar berdi.

Xitoy demograflariga ko‘ra, kelgusi yillarda aholi sonining qisqarishi (o‘lim soni tug‘ilishdan ko‘proq bo‘lishi) ustunlik tendensiyasiga aylanadi va uzoq vaqt davom etadi.

2021 yilda Xitoyning bazi provinsiyalarida yangi tug‘ilgan chaqaloqlar soni bir necha o‘n yilliklardagi eng past ko‘rsatkichni qayd etgan.

Nashrning yozishicha, mamlakatning markaziy qismidagi Xunan provinsiyasida 60 yil ichida birinchi marta 500 mingdan kam, Xenan provinsiyasida 1978 yildan buyon birinchi marta 800 mingdan kam chaqaloq tug‘ilgan, sharqiy Szyansi provinsiyasida yangi tug‘ilgan chaqaloqlar soni 1950 yillardan beri birinchi marta 400 mingdan pastga tushgan.

Birgina Guandun provinsiyasida bir milliondan ortiq bola tug‘ilgan. Yana beshta provinsiyada yangi tug‘ilgan chaqaloqlar soni 500 mingdan oshgan.

Ba’zi demograflarning fikriga ko‘ra, kelgusi yillarda aholining salbiy o‘sishi uzoq vaqt davomida dominant tendensiya bo‘lib qoladi.

“Tug‘ilish darajasi bir asrdan ko‘proq vaqt davomida pasayishda davom etishini bashorat qilish mumkin. Xitoyning yirik shaharlarida tug‘ilish darajasi pasayishda davom etadi. Uchinchi farzandning tug‘ilishiga ruxsat berish ba’zi muammolarni yengillashtirishi mumkin”, deydi Xitoy va globallashuv markazining katta ilmiy xodimi Xuan Venchjen.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tug‘ilish pasayishining asosiy sabablari butun mamlakat bo‘ylab tug‘ilish ko‘rsatkichlarining kamayishi, mamlakatda farzand ko‘rish istagida bo‘lgan erkaklar va ayollarning kamligidir.

Ma’lumot uchun, 1979 yildan boshlab Xitoyda “bir oila – bir bola” siyosati qabul qilingan: ayrim istisnoli holatlarda oilalarga bir nafardan ortiq farzand ko‘rishga ruxsat berilgan. Qoidalarni buzgan ota-onalar katta jarimaga tortilgan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qarorlar tufayli 1990 yillarda aholi o‘sishi sekinlasha boshlagan. Xususan, 1985-1990 yillarda har 1000 xitoylikdan o‘rtacha 25,7 bola tug‘ilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich keyingi besh yil ichida, ya’ni 1990 yildan 1995 yilgacha 17,4 nafarni, 2005-2010 yillarda 12,8 nafarni tashkil etgan.

2013 yilda ota-onadan kamida bittasi yolg‘iz farzand bo‘lgan oilalarga ikkinchi farzand ko‘rishga ruxsat berilgan. Nihoyat, Xitoy 2015 yilda bir bola siyosatini tugatdi, o‘shanda barcha oilalarga ikki farzand ko‘rishga ruxsat berildi.

Biroq, bu umumiy tendensiyani o‘zgartirmadi: 2015-2020 yillarda Xitoyda tug‘ilish darajasi pasayishda davom etdi va har 1000 kishidan o‘rtacha 11,9 nafar bola tug‘ildi. 2021 yilning may oyida Xitoy hukumati er-xotinlarga uch farzand ko‘rishga rasman ruxsat berdi.

Tug‘ilishning kamayishi tufayli Xitoy yangi muammoga – aholining qarishiga duch keldi. Mehnatga layoqatli aholining soni qisqarib, keksalar ulushi ko‘paya boshladi, bu esa ijtimoiy xarajatlarning tez o‘sishiga tahdid solmoqda.

Xitoyning mehnatga layoqatli aholisi, ya’ni 16 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lganlar soni 2012 yildan buyon kamayib bormoqda va 2030 yilda bu ko‘rsatkich 830 million kishiga yetishi kutilmoqda.

Xitoy Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda mamlakatda 1,4 milliard aholi ro‘yxatdan o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy aholi kamayishi

Baholaganlar

1305

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing