Dunyoning eng keksa futbolchisi qariyb to‘rt yildan keyin yana gol urdi
Sport
−
27 iyul 7528 2 daqiqa
Dunyoning eng keksa professional futbolchisi, 59 yoshli Kadzuyoshi Miura dam olish kunlari qariyb to‘rt yillik tanaffusdan so‘ng yana gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Yaponiya uchinchi divizionining “Fukusima Yunayted” klubida ijara asosida to‘p surayotgan Miura Imperator kubogi doirasidagi “Ivaki Furukava”ga qarshi uchrashuvda jamoasining 7:0 hisobidagi yirik g‘alabasiga hissa qo‘shdi. U bahsda jamoasining beshinchi goliga mualliflik qildi.
Bu Miuraning 2022 yil noyabr oyida “Suzuka PG” safida “Osaka” darvozasiga gol urganidan keyingi ilk goli bo‘ldi.
O‘yindan so‘ng, jamoani maydonga sardor sifatida boshlab chiqqan Miura o‘z hissiyotlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Men barchaning, jumladan, shu vaqtgacha menga maydonga tushish imkoniyatini bergan murabbiyning ishonchini oqlashni xohlardim. Eng muhimi, gol urganimdan keyin, hisob allaqachon yirik bo‘lishiga qaramay, futbolchilar, murabbiylar shtabi va muxlislarning bu golni katta quvonch bilan nishonlaganini ko‘rish meni juda baxtli qildi. Sardorlik bog‘ichini taqib maydonga chiqish men uchun katta sharaf va faxr bo‘ldi”, deydi Miura.
Yaponiyada “Qirol Kazu” laqabi bilan tanilgan afsonaviy futbolchi yaqinda “Fukusima Yunayted” bilan ijara shartnomasini 2027 yil iyuniga qadar uzaytirdi. U professional faoliyatining 42-mavsumini o‘tkazmoqda va 2027 yil 26 fevral kuni 60 yoshni qarshi oladi.
Kadzuyoshi Miura professional faoliyatini 1986 yilda Braziliyaning “Santos” klubida boshlagan. Faoliyati davomida u 17 ta klub sharafini himoya qildi. Ular orasida Italiyaning “Jenoa”, Xorvatiyaning “Dinamo Zagreb”, Avstraliyaning “Sidney” va Portugaliyaning “Oliveyrense” klublari ham bor. U Yaponiya milliy terma jamoasi safida 89 ta uchrashuvda maydonga tushib, 55 ta gol urgan.
Live
Barchasi