Dunyoning eng boy odami bir kunda 11,2 mlrd dollar yo‘qotdi
Olam
−
24 may 2023
7971Dunyoning eng boy odami bo‘lib turgan Bernard Arno AQSHda defolt e’lon qilinishi xavfi tufayli bir kunda 11,2 milliard dollar yo‘qotdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Louis Vuitton sumkalari, Moet & Chandon shampan vinolari va Christian Dior liboslari kabi mashhur brendlarni o‘z ichiga olgan LVMH holdingi egasi Bernard Arno Parijda kompaniya aksiyalari qiymatining besh foizga tushib ketishi oqibatida bir kun ichida 11,2 milliard dollar yo‘qotgan. Taqqoslash uchun, bu miqdor Tojikiston (10,5 milliard dollar), Qirg‘iziston (11,05 milliard dollar) va Suriya (11 milliard dollar) kabi davlatlarning bir yillik yalpi ichki mahsuloti bilan teng demakdir.
Shunga qaramay, Arnoning boyligi hali ham 191,6 milliard dollarga teng bo‘lib turibdi. Biroq endi uning boyligi bilan Ilon Maskniki o‘rtasidagi farq 11,4 milliard dollargacha qisqardi.
Dunyoda qimmatbaho buyumlarga bo‘lgan talab AQSHda kutilayotgan ehtimoliy defolt xavfi tufayli pasaygani va natijada shu sohadagi kopaniyalar aksiyalari qiymati ham tushgani ma’lum qilingan. Yevropa kompaniyalari mazkur tendensiya fonida 30 milliard dollar yo‘qotgan.