Mask “taxtdan tushdi”. Ayni paytda dunyoning eng boy odami kim?
Olam
−
31 yanvar
15432Amerikaning Forbes jurnali dunyodagi eng boy odamlarning yangi reytingini taqdim etdi.
Ro‘yxatga ko‘ra, LVMH (Christian Dior, Louis Vuitton, Moët & Chandon va boshqa brendlarga ega) guruhi rahbari Bernard Arno Maskni ortda qoldirib, dunyoning eng boy odamiga aylandi. Ayni paytda fransuz biznesmenining boyligi 207,6 milliard dollarga baholanyapti. “Tesla” bosh direktorining mablag‘i esa 204,7 milliard dollarni tashkil qiladi.
Bir yil avval LVMH rahbari Ilon Mask va Jeff Bezosdan keyin uchinchi o‘rinni egallagandi. O‘tgan hafta bor-yo‘g‘i bir kun ichida Arnoning boyligi 22,7 milliard dollarga o‘sgan va bu 12,3 foiz degani. Mask esa o‘sha kuni 18 milliard dollar yoki kapitalining 8,1 foizini yo‘qotgan.
Arno boshchiligidagi eng yirik hashamatli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi LVMH 2023 yil uchun rekord ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.
O‘tgan yili nufuzli brendlarning butun qatoriga egalik qiluvchi kompaniyalar – “Louis Vuitton”, “Christian Dior”, “Fendi” va “Tiffany & Co.”ning daromadi keskin oshdi va 86,2 milliard yevroga yetdi. Bu 2022 yilga nisbatan 13 foizga ko‘p va tahlilchilar tomonidan bashorat qilingan 85,74 milliard yevrolik ko‘rsatkichdan ham o‘tib ketdi. LVMH Group'ning foydasi chakana savdo bilan bog‘liq bo‘lib, uning 25 foizga ortishi kuzatildi.
Fransiyalik milliarder, shuningdek, 2024 yil uning biznesi uchun alohida yil bo‘lishidan umidvor va LVMH joriy yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada va Paralimpiya o‘yinlariga homiylik qilishini aytib o‘tdi.
O‘z navbatida, Maskga tegishli “Tesla” kompaniyasining ham sof foydasi 7,93 milliard dollarga oshgan bo‘lsa-da, biroq bu asosan 5,75 milliard dollar miqdoridagi bir martalik soliq imtiyozlari orqali qo‘lga kiritildi.
Mutaxassislar 2024 yilgi global avtomobil sanoati uchun qiyin pallani boshdan kechirishini bashorat qilyapti. Hatto Tesla rentabelligi sezilarli darajada pasayishi mumkin. Bu Uoll-stritdagi bir qancha tahlilchilarni avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha taxminlarini qayta ko‘rib chiqishga undadi va bu kompaniya aksiyalari narxiga ta’sir qilmasdan qolmadi.
Daromad e’lon qilinganidan keyin Tesla aksiyalarining qiymati 12 foizga tushib ketdi. Shunday qilib, Ilon Mask “Forbes” ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Ulkanbayeva Rayxona