Dunyodagi eng yosh Bosh vazir iste’foga chiqyapti
Olam
−
03 aprel 2023
15696Kecha, 2 aprel kuni Finlyandiyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Uning natijalari mamlakatning amaldagi Bosh vaziri Sanna Marin boshchiligidagi Sotsial-demokratik partiyaning mag‘lubiyatga uchraganini ko‘rsatdi. Bu esa uning lavozimini tark etishini anglatadi.
Bugun, 3 aprel kuni mamlakat Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan natijalarga ko‘ra, saylovda muxolifatdagi Milliy koalitsiya partiyasi minimal farq bilan g‘alaba qozongan. U 20,8% ovoz (48 o‘rin) olgan. “Haqiqiy finlar” partiyasi 20,1% (46 o‘rin) bilan ikkinchi o‘rinni, Bosh vazir Sanna Marin boshchiligidagi hukmron Sotsial-demokratik partiya esa 19,9% ovoz (43 o‘rin) bilan uchinchi o‘rinni egallagan.
“Demokratiya o‘z so‘zini aytdi. Bu ajoyib kun, chunki biz saylovlarda yaxshi natija ko‘rsatdik”, degan Sanna Marin Milliy koalitsiya partiyasining g‘alabasini tan olar ekan.
Ma’lumot uchun, 37 yoshdagi Sanna Marin dunyodagi eng yosh yetakchilardan biri hisobanadi. U 2019 yil oxirida, 34 yoshida, lavozimga kirishgach, dunyodagi eng yosh Bosh vazirga aylangan.
Marinning aytishicha, uning oilasi bolaligida juda kambag‘al bo‘lgan va u 20 yoshga to‘lgunga qadar o‘zini ta’minlash uchun univermagda ishlagan. Sanna Marin Finlyandiyadagi bepul ta’limdan foydalanib, ma’muriy fanlar bo‘yicha magistr darajasini olgan. U yoshligidan siyosatga aralashgan va 28 yoshidan boshlab tug‘ilib o‘sgan shahri Tampere shahar kengashiga raislik qilib, malakali rahbar sifatida obro‘ qozongan. Sanna Marin 2015 yilda va 2019 yilda parlamentga saylangan, o‘shanda uning partiyasi saylovda g‘alaba qozongach, u transport va kommunikatsiyalar vaziri bo‘lgan. Oradan olti oy o‘tgach, o‘sha paytdagi partiya raisi Antti Rinne ish tashlashlar ortidan iste’foga chiqishga majbur bo‘lgan va Sotsial-demokratik partiya Marinni Bosh vazir lavozimiga ko‘rsatgan.
Marin tez orada Finlyandiyaning COVID-19 pandemiyasiga qarshi javobini, keyin esa qo‘shni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida yuzaga kelgan Yevropaning energiya inqirozini boshqara boshlagan. Hozirda 37 yoshda bo‘lgan Marin Vogue va Time jurnallarining muqovalarida paydo bo‘lgan. U Instagram'da millionlab obunachilarga ega va butun dunyodagi muxlislari tomonidan ilg‘or yetakchilar uchun ming yillik namuna sifatida ko‘riladi.
Ammo Marin o‘z mamlakatida muxolifat tomonidan markaziy koalitsiyaning xarajatlari, OAV tomonidan esa Yevropadagi energiya inqirozi avjiga chiqqan bir paytda inflyuyenserlar bilan “shovqinli” bazm o‘tkazgani uchun tanqidga uchragan.
Sanna Marin Bosh vazir lavozimini egallaganidan bir yil o‘tib, 2020 yilda turmushga chiqqan. Hozirda uning 5 yashar qizi bor.
LiveBarchasi