“Dunyodagi eng taniqli shaxs”. Lukashenko Xitoy Mudofaa vaziriga “paxta qo‘ydi”
Olam
−
18 avgust 2023
12486Belarusga kelgan Xitoy Mudofaa vaziri Li Shanfuni kecha, 17 avgust kuni Aleksandr Lukashenko qabul qildi. Bu haqda “BelTA” xabar berdi.
Aytilishicha, uchrashuv avvalida Lukashenko Xitoy Mudofaa vazirini Belarusda samimiy qutlab, uni dunyodagi “eng taniqli shaxs” deb atagan.
“Bu suhbatni siz bugungi kunda dunyodagi eng taniqli shaxs ekaningiz haqida bejiz boshlaganim yo‘q, chunki sizning faoliyatingiz, Xitoy Xalq Respublikasining o‘z manfaatlarini ilgari surishdagi faolligi, dunyo tartibiga oid asosiy g‘oyalarini bugun butun dunyo eshitmoqda”, degan u Li Shanfuga qarata.
Shuningdek, Lukashenko joriy tashrif Li Shanfuning Belarusga birinchi safari ekanini qayd etgan.
“Afsuski, bizning aybimiz bilan bugungi dunyo mutlaqo beqaror. Dunyoda juda yomon voqealar sodir bo‘lmoqda. Va biz kuchli bo‘lishimiz kerak. Chunki kuch har doim hurmat qilinadi. Bizning siyosatimizda biz kuchli iqtisodiyot va kuchli diplomatiyaga asoslanamiz. Harbiy-texnikaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun sizdan juda minnatdorman. Bu borada biz birinchi navbatda do‘stlarimizga – Rossiya Federatsiyasi va Xitoyga tayanamiz. Bizning barcha hamkorligimiz juda muhim. U hech qanday holatda uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmaydi. Davlatimiz va xalqimiz xavfsizligini ta’minlash biz uchun muhim ”, deya ta’kidlagan Lukashenko.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va Belarusning dunyo tartibi borasidagi qarashlari ham to‘liq mos keladi.
“Biz ko‘p qutbli dunyo, hududiy yaxlitlik va Ikkinchi jahon urushidan keyin o‘rnatilgan chegaralar va hududlar birligi, davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tarafdorimiz. Bir so‘z bilan aytganda, Xitoy tashqi siyosatiga asos bo‘lgan butun palitra bizning rahbariyatimizga ham xosdir. Bilingki, biz Xitoyni 30 yildan ortiq vaqtdan beri barcha intilishlarida doimo qo‘llab-quvvatlab kelganmiz, chunki biz Xitoy Xalq Respublikasining barcha nizo va mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan ichki va tashqi siyosatini mutlaqo adolatli, deb bilamiz” deya ta’kidlagan u.
O‘z navbatida, Li Shanfu Xitoy Xalq Respublikasi Raisi nomidan Lukashenkoga ezgu tilaklar va samimiy salomlarini yetkazgan. U Belarus taraqqiyotidagi ulkan muvaffaqiyatlar va bunda Lukashenkoning rolini qayd etgan.
“Sizning dunyo tinchligi va taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissangiz uchun samimiy va chuqur hurmat izhor etishga ijozat bergaysiz”, degan Xitoy Mudofaa vaziri.
U yil boshida Lukashenkoning Xitoyga davlat tashrifi bo‘lib o‘tganini, uning davomida davlat rahbarlari ikki tomonlama harbiy hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishganini eslatgan.
“Belarusga tashrifimdan maqsad aynan davlat rahbarlari darajasidagi muhim kelishuvlarni amalga oshirish va ikki tomonlama harbiy hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat”, degan Li Shanfu.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Li Shanfu Rossiyada Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha XI Moskva konferensiyasida qatnashgan, 16 avgust kuni esa Minskda belaruslik mavqedoshi Viktor Xrenin bilan muzokara o‘tkazgandi.
LiveBarchasi