Dunyodagi eng baxtli sayyohlik manzili qayerligi aytildi

Olam

image

Portugaliya poytaxti Lissabon 47 ta shahar o‘rganilgan global reytingda sayohat uchun dunyoning eng baxtli manzili deb topildi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Holiday Happiness Index” reytingi “BookRetreats” platformasi tomonidan tuzilgan. Unda sayohat vaqtida insonlarning farovonligiga ta’sir qiluvchi omillar, jumladan, quyosh nuri, piyoda harakatlanish qulayligi, yashil hududlar, sog‘lom oziq-ovqat va uyqu sifati baholangan.

Tadqiqotga Natali Dattilo-Rayan rahbarlik qilgan. U Garvard universiteti bilan bog‘liq klinik psixolog bo‘lib, yaxlit baxt tushunchasi bo‘yicha mutaxassis hisoblanadi. Lissabon reytingda ayniqsa ovqatlanish imkoniyatlari bilan ajralib turgan.

Tadqiqotga ko‘ra, shahardagi restoranlarning qariyb 10 foizi sog‘lom ovqatlanish toifasiga kiradi. Bu ko‘rsatkich reytingdagi ikkinchi eng yuqori natija bo‘lib, Lissabon Parij, Tokio va Nyu-York kabi yirik gastronomik markazlardan oldinda qayd etilgan. Shuningdek, shaharda turli xil taomlarni nisbatan hamyonbop narxlarda topish mumkinligi ta’kidlangan.

Tadqiqotda Lissabon bo‘ylab piyoda harakatlanish ham qulay ekani qayd etilgan. Shaharning notekis rel’efiga qaramay, u ixcham bo‘lib, piyoda sayr qilish uchun mos ekani va sayyohlarga manzarali nuqtalarni tomosha qilish imkonini berishi aytilgan.

Lissabonda har bir aholiga o‘rtacha 49 kvadrat metr yashil hudud to‘g‘ri keladi. Bu Madrid ko‘rsatkichidan qariyb to‘rt barobar ko‘p. Bundan tashqari, Kashkaysh va Kosta-da-Kaparika plyajlariga jamoat transportida bir soatdan kamroq vaqtda yetib borish mumkin.

Shahar yiliga taxminan 2 828 soat quyosh nuri oladi. Tadqiqot mualliflari buni ham inson kayfiyatiga ijobiy ta’sir qiluvchi omillardan biri sifatida ko‘rsatgan. Reytingda Lissabondan keyingi o‘rinlarni Xelsinki va AQSHning Orlando shaharlari egallagan.

Kuchli o‘ntalikdan, Orlandodan tashqari, faqat Yevropa shaharlari joy olgan. To‘rtinchi o‘rindan boshlab Afina, Edinburg, Madrid, Vena, Budapesht, Oslo va Vilnyus qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Estoniya yashash uchun eng yaxshi davlatlar reytingida birinchi o‘rinni egallagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing