Lissabonda motam e’lon qilindi

Olam

image

Avvalroq, Portugaliya poytaxti Lissabonda mashhur “Gloriya” funikulyori relsdan chiqib ketgani va oqibatda 15 kishi halok bo‘lib, kamida 23 kishi jarohat olgani xabar qilingan edi. Shu sababli, Portugaliya hukumati bugun, 4 sentyabrdan boshlab Lissabonda halokat qurbonlari xotirasiga 3 kunlik motam e’lon qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Hodisa kecha, 3 sentyabr kuni soat 18:05 da Avenida-da-Liberdade ko‘chasi yaqinida yuz bergan. Funikulyor Reshtauradorish maydonini San-Pedro-de-Alkantara bog‘i bilan bog‘laydigan yo‘nalishda harakatlanayotgan bo‘lgan va Kalsada-da-Gloriya ko‘chasidagi binoga borib urilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, falokatga trosning uzilishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Boshida OAV 3 nafar halok bo‘lgan kishi haqida xabar bergan, biroq bir necha soatdan so‘ng qurbonlar soni 15 nafarga yetgan. Shuningdek, avvaliga 18 kishi jarohatlangani aytilgan, ular orasida 2 nafar Ispaniya fuqarosi ham bo‘lgan, ammo keyinroq jarohatlanganlar soni 23 nafarga yetgan. Ulardan 5 nafarining ahvoli og‘ir. Funikulyor vagoni 43 kishiga mo‘ljallangan.

Voqea joyiga 20 ga yaqin tez yordam mashinasi yetib borgan va hudud to‘sib qo‘yilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda odamlarning qalin tutun orasida funikulyordan chiqib ketayotganini aks ettiruvchi videolar ham tarqaldi.

Lissabon shahar transportini boshqaruvchi Carris kompaniyasi barcha reglament tekshiruvlari vaqtida o‘tkazilganini bildirgan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, funikulyor oxirgi bor 2022 yilda to‘liq texnik xizmatdan o‘tgan, keyingisi 2026 yilga mo‘ljallangan. Kompaniya har ikki yilda bir marta ta’mir, shuningdek, har oy va har hafta tekshiruvlar o‘tkazilishini ta’kidlagan. Hodisa yuzasidan shahar hokimiyati bilan birgalikda surishtiruv boshlangan.

Ma’lumot uchun, “Gloriya” funikulyori 2018 yilda ham relsdan chiqqan, biroq o‘shanda qurbonlar bo‘lmagan. U 2002 yildan buyon milliy yodgorlik maqomiga ega va shahar ramzlaridan biri sanaladi. Har yili 3 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat qiladi. Yo‘nalish uzunligi 265 metr bo‘lib, Lissabonning pastki va yuqori qismlarini bog‘laydi.

Shahar meri Karlush Moedash hodisani misli ko‘rilmagan fojia deb atagan. Uning aytishicha, jarohatlanganlar shaharning uchta shifoxonasiga – Santa-Mariya, San-Joze va San-Fransisko-Ksaverga yetkazilgan. Portugaliya Prezidenti Marselu Rebelu de Souza chuqur hamdardlik bildirib, fojia sabablarini imkon qadar tez aniqlashga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida Saudiya Arabistonida ham shunga o‘xshash hodisa yuz bergan edi. Toif shahri yaqinidagi Green Mountain Park ko‘ngilochar bog‘ida “360 daraja” nomli mashhur attraksion ishlamay qolib, ikki bo‘lakka bo‘lingan va odamlar tushib ketgandi. Kuchli zarba oqibatida ko‘plab odamlar turli darajada jarohat olgan.


Maqola muallifi

Teglar

motam Lissabon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing