“Dunyodagi eng adolatli sudya” vafot etdi (video)
Olam
−
21 avgust 13615 2 daqiqa
“Dunyodagi eng adolatli sudya” nomi bilan tanilgan amerikalik sudya Frenk Kaprio uzoq vaqt davomida oshqozon osti bezi saratoniga qarshi kurashdan so‘ng 88 yoshida vafot etdi. Bu haqda bugun, 21 avgust kuni uning o‘g‘li Kaprioning Instagram sahifasida ma’lum qildi.
“U insonlarga bo‘lgan chuqur rahm-shafqati, kamtarligi va insoniyatning ezguligiga bo‘lgan ishonchi bilan butun dunyoda ardoqlangan edi. Sud zalidagi faoliyati orqali millionlab odamlarning qalbiga yetib borgan bo‘lsa, insoniyligi bilan yanada ko‘proq qalblarni zabt etgan.
Samimiyligi, hazilkashligi va mehribonligi uni tanigan yoki uning so‘zlarini eshitish baxtiga muyassar bo‘lgan har bir kishida unutilmas taassurot qoldirdi”, deydi Kaprioning o‘g‘li.
Qayd etish joiz, oldinroq AQSHda asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Muhammadobidbek Obidjonov ismli yigit mashinasini belgilanmagan joyga qo‘ygani uchun jarimaga tortilgani, uning ishini Frenk Kaprio ko‘rib chiqqani xabar qilingandi. Kaprio sudda Muhammadobidbekka belgilangan 35 dollar jarimani qisqartirib bergan.
Ma’lumot uchun, Frenk Kaprio amerikalik advokat, siyosatchi va huquqshunos bo‘lib, 1936 yilda tug‘ilgan. U 1985 yildan 2023 yilgacha Providens shahar munitsipal sudida sudya lavozimida ishlagan. Uning sud faoliyati televideniyeda “Caught in Providence” dasturida namoyish etilgan. Kaprio sud zalida insonlarga bo‘lgan hamdardligi va ularga nisbatan bag‘rikengligi uchun “dunyodagi eng adolatli sudya” deb atalgan. 2000 yilda efirga chiqqan uning ishtirokidagi teleko‘rsatuv to‘rt marotaba “Emmi” mukofotiga nomzod bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning dekabrida Frenk Kaprio saraton kasalligiga chalinganini e’lon qilgandi. O‘shanda 87 yoshli qariya videoda o‘zining tug‘ilgan kunini qisqacha eslatib o‘tganidan so‘ng, unga oshqozon osti bezi saratoni tashxisi qo‘yilganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi