Dunyoda yiliga qariyb 300 ming kishi cho‘kib, halok bo‘ladi – JSST
Olam
−
24 iyul 1128 2 daqiqa
Jahonda har yili qariyb 300 ming kishi cho‘kib ketishi oqibatida halok bo‘ladi. Bu 5 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar hayoti uchun asosiy o‘nta xavfdan biri hisoblanadi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga tayanib, BMT Yangiliklar xizmati xabar berdi.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi bu muammoni yanada keskinlashtirmoqda. Suv toshqinlari, bo‘ronlar va kuchli issiqlik to‘lqinlari tobora ko‘payib, cho‘kish xavfini oshirmoqda.
Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan tadqiqot harorat har bir darajaga oshganda cho‘kish oqibatida halok bo‘lishlar soni 7,2 foizga ko‘payishini ko‘rsatgan. Harorat 25 darajadan yuqori bo‘lgan kunlarda esa cho‘kish xavfi 10 darajadan past bo‘lgan kunlarga nisbatan qariyb besh barobar yuqori bo‘ladi. Shu bois cho‘kish holatlarining oldini olish nafaqat yoz mavsumiga, balki iqlim o‘zgarishi oqibatlariga tayyorgarlikning ham muhim qismiga aylanmoqda.
25 iyulga belgilangan Butunjahon cho‘kishning oldini olish kuni arafasida JSST hukumatlar va mahalliy hamjamiyatlarga suvdagi fojialarning oldini olishga yordam beruvchi yettita strategiyani taqdim etdi.
“Protect” deb nomlangan chora-tadbirlar to‘plami quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:
- suv havzalari atrofida xavfsiz infratuzilma yaratish;
- qutqaruv va reanimatsiya ko‘nikmalariga o‘rgatish;
- suv havzalari yaqinida mehnat xavfsizligini oshirish;
- suv transporti uchun xavfsizlik standartlarini joriy etish;
- suzish va suvda o‘zini tutish qoidalariga o‘rgatish;
- bolalarni tegishlicha nazorat qilish;
- mahalliy hamjamiyatlarni suv toshqinlari va boshqa favqulodda vaziyatlarga tayyorlash.
Ma’lumot uchun, bu yilgi Butunjahon cho‘kishning oldini olish kunining mavzusi – “Birgalikda – suvda xavfsizlik uchun”. U suvdagi bunday fojialarning oldini faqat davlat idoralari, mutaxassislar va mahalliy aholi hamkorligi orqali olish mumkinligini eslatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Yunusobod tumanida cho‘milish maqsadida Bo‘zsuv kanaliga borgan 16 yoshli bola cho‘kib ketgan edi.
Live
Barchasi