Dunyoda yana bir urush boshlanishi mumkin. Bu safar Janubiy Amerikada
Olam
−
05 dekabr 2023
20224Joriy yilning 3 dekabr kuni Venesuela hukumati neftga boy Essekibo hududini qo‘shni mustaqil Gayana tomonidan anneksiya qilinishi bo‘yicha referendum o‘tkazdi. “Meduza” nashriga ko‘ra, aynan shu hudud Lotin Amerikasida urushga olib kelishi mumkin.
O‘tkazilgan referendumda rezidentlardan beshta savolga javob berish so‘ralgan. Jumladan, varaqalarda ular Gayana-Essekibo yangi davlatini yaratishga, uning aholisiga fuqarolik berishga va uni Venesuela xaritasiga kiritishga rozi bo‘lish-bo‘lmasligi keltirilgan.
Referendum 1 dekabr kuni Venesuelaga Gayana hududiy yaxlitligini buzuvchi har qanday harakatlarni amalga oshirishni taqiqlagan Xalqaro sud qaroriga mamlakat hukumatining javobi bo‘ldi.
Venesuela va Gayana o‘rtasidagi hududiy nizo bo‘yicha yig‘ilish bahorgacha o‘tkazilmaydi va sud qarori yillar o‘tib qabul qilinishi mumkin – ammo sud referendum o‘tkazishni taqiqlamagan.
Mamlakat Milliy saylov kengashi rahbari Elvis Amorosoning so‘zlariga ko‘ra, saylovchilarning 95 foizdan ortig‘i referendumning barcha beshta savolini ma’qullagan, kamida 10,5 million ovoz berilgan.
Kengash ovozlar soni saylovchilar soniga tengmi yoki u har bir savolga berilgan javoblar yig‘indisi sifatida hisoblanganmi, tushuntirish berilmagan. Amoroso, shuningdek, saylov uchastkalariga qancha saylovchi kelganiga aniqlik kiritmagan.
“The New York Times” gazetasining yozishicha, davlat sektori xodimlari ovoz berishga majbur qilingan bo‘lsa-da, bu kutilganidan ancha past natija bo‘lgan.
Gazeta kuzatuvchilari deyarli bo‘m-bo‘sh bo‘lgan saylov uchastkalarini ko‘rgan, ekspertlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham shunday xabar bergan. Shuningdek, “Reuters” agentligi ko‘plab saylov uchastkalarida juda oz yoki umuman odam bo‘lmaganini yozgan.
Gayana Prezidenti Irfaan Ali Essekibo gayanaliklarga tegishli ekanini aytgan va uning hukumati mamlakat chegaralari buzilmay qolishi va fuqarolarning yaqin soatlar, kunlar va oylarda qo‘rqadigan hech narsasi yo‘qligini ta’minlash uchun doimiy ish olib borishiga ishontirgan.
Venesuela va Gayana o‘rtasidagi Essekibo bo‘yicha bahs uzoq tarixga ega.
Venesuela bu hududni Ispaniya mustamlakasi davridan beri o‘z chegaralari ichida deb hisoblaydi va 1899 yildagi Xalqaro arbitraj sudining Essekiboni o‘sha paytdagi Britaniya Gvianasi qismi sifatidagi qarorga rozi emas.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Nikolas Maduro ikkinchi marta g‘alaba qozongan 2019 yilgi saylovlardan so‘ng Venesuelada tartibsizliklar boshlandi va ikki hokimiyat rejimi o‘rnatildi. Qo‘shma Shtatlar boshchiligidagi o‘nlab davlatlar Maduroni hokimiyatni tortib olishda ayblagan muxolifat yetakchisi Xuan Guaydoni Venesuelaning muvaqqat prezidenti sifatida tan oldi.
2022 yil oxiriga kelib Guaydoning muxolifat kabineti tarqatib yuborildi. Biroq 2023 yil oktyabr oyida muxolifat (Venesuela Milliy saylov kengashi ko‘magisiz) 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida Maduroga qarshi kurashadigan nomzodlar orasida praymeriz o‘tkazdi. Ovoz berishda 2,4 milliondan ortiq venesuelalik ishtirok etdi.
Karakasdagi Andres Bello katolik universiteti tadqiqot markazi direktori Benino Alarkon referendumda kam ishtirok etganini Maduro hukumatining katta muvaffaqiyatsizligi deb hisoblagan. U referendum o‘tkazishdan asosiy maqsadni hukumatning "saylov mashinasi"ni bo‘lajak prezidentlik saylovlari oldidan sinab ko‘rish niyati deb ataydi va ularning hatto shartli shaffofligiga ham shubha qilgan.
Bundan tashqari, ekspertlar referendum o‘tkazish Maduroga kun tartibini bo‘lajak saylovlardan, uning pozitsiyasi chayqalishi mumkin bo‘lgan hududiy bahslarga e’tiborni tortish imkoniyatini berishini aytgan.
Harbiy tahlilchi Rosio San Migelning fikricha, referendumning ma’qullanishi Maduroga istalgan vaqtda armiya ishtirokida chegara to‘qnashuvlarini boshlash vakolatini beradi. Agar Maduro o‘zini yutqazayotganini his qilsa, u "urush tugmasini" bosib, saylovlarni to‘xtatib, mamlakatda favqulodda holat e’lon qilishi mumkin.
Referendumdan bir hafta oldin Gayana Tashqi ishlar vaziri Rober Perso mamlakatlar o‘rtasidagi keskinlik darajasini "misli ko‘rilmagan" deb ta’riflagan.
O‘z navbatida, Venesuela harbiylari Essekiboning kompleks rivojlanishi uchun logistik ta’minot nuqtasi bo‘ladigan havo yo‘lagi qurilishini e’lon qildi va Braziliya bu suhbatlar fonida shimoliy chegara mintaqasidagi harbiy ishtirokini oshirdi.
LiveBarchasi