Ukrainadagi urushda qatnashgan o‘zbekistonlik qamaldi
3-sahifa
−
17 Oktabr
12220Rossiyaga ishlash uchun borib, u yerda moddiy manfaat evaziga Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan o‘zbekistonlik 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida xabar qilindi.
Hujjatlarda keltirilishicha, Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanidan bo‘lgan sudlanuvchi 2023 yilda Sankt-Peterburg shahrida ishlayotgan vaqtida O‘zbekiston fuqarosi bo‘la turib, nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi bo‘lmasdan, moddiy manfaatdorlik evaziga Rossiya qurolli kuchlari safiga yollangan.
Shu vaqt davomida erkak Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etib kelgan. U Rossiya fuqaroligini ham olgan. U ikki davlat o‘rtasida bo‘layotgan qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etishi uchun harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan.
“Sizlarga pasport beryapti deyishdi. Keyin bemalol yurasiz, xohlagan ishingizni qilasiz deb aytildi. Bunday taklif kimga yoqmaydi? Hech qayerda taqiqlarga uchramasligimizni bildirib, O‘zbekiston fuqaroligini saqlab qolgan holatda harbiy guvohnoma berishdi”, deydi sudlanuvchi.
U 2023 yilning oktyabr oyida sodir bo‘lgan turli hujumlar oqibatida yaralanib, O‘zbekistonga qaytgan. Unga tegishli telefon tekshirilganda, Rossiya qurolli kuchlari safiga ishga kirgani bo‘yicha harbiy guvohnoma, Mudofaa vazirligiga tegishli harbiy gospitalda jarohat olgani bo‘yicha ma’lumotnoma hamda Rossiya fuqaroligi pasporti aks etgan fotosuratlar topilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tumani sudi tomonidan sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 154-1-moddasi (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, kodeksning 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llangan holda 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘talishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya qamoqxonalaridagi koloniya xodimlari jazo muddatini o‘tayotgan markaziy osiyoliklarni, ya’ni tojikistonliklar va o‘zbekistonliklarni Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun shartnoma imzolashga majburlayotgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi