Dunyoda vaqtni hisoblash tizimi o‘zgarishi mumkin

Olam

−

image

Dunyoning 69 davlati vakillari vaqt hisobida qo‘llanadigan kabisa soniyadan voz kechib, uning o‘rniga “kabisa soati” tizimini joriy etishga kelishdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qaror kecha, 15 oktyabr kuni Fransiyada bo‘lib o‘tgan Xalqaro o‘lchov va tarozilar byurosi konferensiyasida qabul qilingan. Yangi tizim 2027 yildan joriy etilishi rejalashtirilgan. Biroq vaqtni bir soatga o‘zgartirish zarurati minglab yillardan keyingina yuzaga kelishi mumkin.

Hozirda Yerning aylanishidagi o‘zgarishlarni hisobga olish uchun muvofiqlashtirilgan universal vaqtga (UTC) zarurat tug‘ilganda bir soniya qo‘shiladi. Bu kabisa soniyasi deb ataladi. Biroq bunday o‘zgarishlar kompyuter tizimlari, aloqa tarmoqlari, sun’iy yo‘ldoshlar va elektr tarmoqlarida nosozliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Masalan, 2012 yilda kabisa soniyasi qo‘shilganida ayrim kompyuter tizimlari 61 soniyalik daqiqaga moslasha olmagan. Natijada serverlar ishlamay qolgan, Reddit va LinkedIn saytlarida uzilishlar kuzatilgan. Qantas aviakompaniyasi reyslari ham kechikkan.

Olimlarning tushuntirishicha, Yerning aylanish tezligi doimiy emas. U sayyoraning suyuq yadrosi, okeanlardagi o‘zgarishlar va atmosfera oqimlari kabi tabiiy omillar ta’sirida o‘zgaradi. Umuman olganda, Yerning aylanishi uzoq muddatda sekinlashib bormoqda, biroq so‘nggi o‘n yillikda uning tezlashishi ham kuzatilgan.

Shu sababli mutaxassislar vaqtni moslashtirish uchun ilk bor bir soniyani olib tashlashga to‘g‘ri kelishi mumkinligidan xavotirga tushgan. Bunday o‘zgarish manfiy kabisa soniyasi deb ataladi. Olimlar kelgusi o‘n yillikda bunga ehtiyoj tug‘ilish ehtimolini 30 foiz deb baholagan.

Yangi tizimga ko‘ra, muvofiqlashtirilgan universal vaqt astronomik vaqtdan bir soatgacha farq qilishi mumkin. Shundan keyingina vaqtni bir soatga tuzatish talab etiladi. Bu esa kompyuter tizimlarida tez-tez yuz beradigan kichik o‘zgarishlarning oldini olishga yordam beradi.

Ma’lumot uchun, 1967 yildan beri bir soniya seziy atomining 9 milliard 192 million 631 ming 770 marta tebranishi asosida belgilanadi. 1972 yildan buyon esa universal vaqtni Yerning aylanishiga moslashtirish uchun 27 marta kabisa soniyasi qo‘shilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yerning aylanish tezligi o‘zgarib borayotgani sababli jahon vaqti Yerning aylanishiga bog‘liq bo‘lmagan tizimga o‘tkazilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing