Dunyoda silga chalinish rekord darajada ko‘paydi – JSST
Salomatlik
−
30 Oktabr
2611Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) sil kasalligiga chalinishning global monitoringini boshlaganidan beri eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Bu haqda JSST hisobotida so‘z boradi.
Hisobotga ko‘ra, sil kasalligi bo‘yicha 2023 yilda 8,2 million kishiga tashxis qo‘yilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 0,7 millionga ko‘pdir.
“2023 yilda sil kasalligi yana o‘limning yetakchi yuqumli sababiga aylandi va COVID-19’ni ushbu pozitsiyadan chiqarib yubordi”, deyiladi hisobotda.
Sil kasalligi bilan bog‘liq o‘limlar soni 2022 yilgi 1,32 milliondan 2023 yilda 1,25 millionga kamaygan bo‘lsa-da, kasallarning umumiy soni 10,8 millionga yetgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti sil kasalligi dunyoda dori-darmonlarga chidamliligi bilan tarqalishini “inqiroz omili” deb hisobladi, shuningdek, kasallikning oldini olish va davolash choralarini moliyalashtirishni kamaytirishga e’tibor qaratdi.
“Yillik moliyalashtirish maqsadi 22 milliard dollarni tashkil etgan holda, 2023 yilda atigi 5,7 milliard dollar ajratildi, bu global miqyosda talab qilinadigan summaning 26 foizini tashkil etadi”, deyiladi JSST hisobotida.
Shuningdek, JSST sil kasalligi xavfini oshiradigan beshta asosiy omilni sanab o‘tdi: to‘yib ovqatlanmaslik, OIV infeksiyasi, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, chekish (ayniqsa erkaklar orasida) va diabet.
Ma’lumot uchun, sil turli a’zolar, asosan, o‘pkada o‘ziga xos yallig‘li o‘zgarishlar ro‘y berishi bilan tavsiflanadigan yuqumli kasallik turi hisoblanadi. Sil kasalligining oxiri o‘lim bilan tugaydi. Sil odamlardan tashqari, uy hayvonlari (asosan, qoramol), uy parrandalari (tovuq, kurka)ga ham yuqishi mumkin. Sil hammadan ko‘p havodagi tomchilar orqali tarqaladi: yo‘talganda, aksirganda mikobakteriyali balg‘am va shilliq zarralari havoga tarqalib atrofidagi buyumlarga tushadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq dunyoda yuqumli kasalliklar, xususan, gripp, ko‘k yo‘tal, sil va qizamiq kabi kasalliklar ko‘payishi kuzatilayotganligi haqida xabar berilgandi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi