Dunyoni larzaga solgan yo‘qotish. Yelizaveta ortidan Baydendan tortib, Putingacha “ko‘z yosh to‘kmoqda”

Tahlil

image

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 2022 yil 8 sentyabrda 96 yoshida Shotlandiyadagi Balmoral qasrida vafot etdi. Bu shunchaki bir monarxning vafotigina emas, balki bir davrning ham tugashini anglatadi. Negaki, Yelizaveta II dunyodagi eng uzoq vaqt taxtda o‘tirgan monarx hisoblanardi.

Dunyo yetakchilari Yelizaveta II ning vafoti munosabati bilan Britaniyaning yangi Qiroli Charlz III va mamlakat xalqiga hamdardlik bildirmoqda. 70 yil toj sohibasi bo‘lgan qirolicha haqida dunyo yetakchilari nima deyapti?

AQSH Prezidenti Jo Bayden va birinchi xonim Jill Bayden

“Qirolicha Yelizaveta II davrni belgilab berdi. Doimiy o‘zgarib turadigan dunyoda u britaniyaliklarning avlodlari, shu jumladan, o‘z mamlakatini usiz bilmagan ko‘pchilik uchun doimo ishtirok etib, tasalli va g‘urur manbai bo‘lib kelgan. Qirolicha Yelizaveta II ga bo‘lgan doimiy hayrat Hamdo‘stlik a’zolarini birlashtirdi. Uning yetmish yillik tarixiy hukmronligi misli ko‘rilmagan insoniyat taraqqiyoti va inson qadr-qimmatini yuksaltirish davriga guvoh bo‘ldi”, deyiladi AQSH Prezidentining ta’ziyanomasida.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin

“Birlashgan Qirollikning yaqin tarixidagi eng muhim voqealar Zoti Oliyalari nomi bilan uzviy bog‘liq. O‘nlab yillar davomida Yelizaveta II haqli ravishda o‘z fuqarolarining sevgisi va hurmatidan, shuningdek, jahon sahnasidagi obro‘-e’tibordan bahramand bo‘ldi. Ushbu og‘ir yo‘qotish qarshisida sizga jasorat va matonat tilayman. Qirollik oilasi a’zolari va butun Buyuk Britaniya xalqiga samimiy hamdardlik va qo‘llab-quvvatlash so‘zlarini yetkazishingizni so‘rayman”, deyiladi Rossiya Prezidentining Britaniya Qiroli Charlz III ga yo‘llagan telegrammasida.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron

“Qirolicha Yelizaveta II 70 yildan ortiq vaqt davomida Britaniya millatining davomiyligi va birligini o‘zida mujassam etgan. Men uni Fransiyaning do‘sti, o‘z mamlakati va asrida unutilmas taassurot qoldirgan mehribon qirolicha sifatida eslayman”, deydi Makron hamdardlik bildirar ekan.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin

“Uning ketishi Britaniya xalqi uchun katta yo‘qotishdir. Xitoy qirol Charlz III bilan ikki davlat va ularning xalqlari manfaati yo‘lida ikki tomonlama munosabatlarning sog‘lom va barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish uchun ishlashga tayyor”, deydi Xitoy yetakchisi hamdardlik bildirib.

Rim Papasi Fransisk

“Men barcha qayg‘udagilarga qo‘shilaman va Qirolicha uchun ibodat qilaman, uning vatan va hamdo‘stlik manfaati yo‘lida tinimsiz xizmat qilgan hayoti, burchga sadoqat namunasi uchun hurmat bajo keltiraman. Men Samoviy Otadan uning olijanob ruhini qabul qilib, abadiy tin olishini so‘rayman. Janobi Oliylarini ibodatlarim bilan ishontirib aytamanki, siz shohlik burchlaringizni o‘z zimmangizga olganingizda Qodir Tangri sizni qo‘llab-quvvatlaydi”, deyiladi Papaning xatida.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy

“Biz Qirolicha Yelizaveta II ning vafoti haqida chuqur qayg‘u bilan xabar topdik. Xalq nomidan butun qirollik oilasi, Birlashgan Qirollik va Hamdo‘stlikka ushbu tuzatib bo‘lmaydigan yo‘qotish munosabati bilan samimiy hamdardlik bildiramiz. Bizning fikrlarimiz va ibodatlarimiz siz bilan”, deyiladi Zelenskiyning Twitter'ida.


Germaniya kansleri Olaf Shols

"U millionlab odamlar, shu jumladan Germaniyada ham namuna va ilhom manbai edi. Hamma Yelizaveta II ni sog‘inadi, uning ajoyib hazillarini ham”, deydi Germaniya kansleri Olaf Shols Twitter'ida.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an

“Bugun men Qirolicha Yelizaveta II vafot etgani haqida eshitganimdan qayg‘udaman. Qirollik oilasiga, Buyuk Britaniya xalqi va hukumatiga chuqur hamdardlik bildiraman”, deb yozgan u Twitter'dagi sahifasida.

Braziliya Prezidenti Jair Bolsonaro

"Ba’zida abadiyat bizni sevganlarimizni olib qo‘yib hayratda qoldiradi. Ammo bugun abadiylikning o‘zi Buyuk Britaniya qirolichasining ulug‘vor kelishidan hayratda qoldi. Yelizaveta II rahbarlik, kamtarlik va vatanga muhabbat namunasi bo‘lgan ajoyib ayol edi. U oxirzamongacha bizni va butun dunyoni ilhomlantirishda davom etadi”, deydi Bolsonaro.

AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp

“Melaniya va men Qirolicha bilan o‘tkazgan vaqtimizni doimo qadrlaymiz va Qirolichaning saxovatli do‘stligi, buyuk donoligi va ajoyib xazilkashligini hech qachon unutmaymiz. U qanday olijanob va go‘zal xonim edi – unga o‘xshash hech kim yo‘q edi!”, deydi Tramp ijtimoiy tarmoqlarda.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Liz Trass

“Buyuk Britaniya u tufayli bugungi kunda buyuk davlatdir. Hozir biz zamonaviy, farovon, jadal rivojlanayotgan davlatmiz. Qirolicha Yelizaveta II har qanday qiyinchilikka qaramay, bizga kerakli barqarorlik va kuchni berdi. 70 yil davomida shunday hurmat va nafosat bilan hukmronlik qilish ajoyib yutuqdir”, deydi Bosh vazir.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 9 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Qiroli Charlz uchinchiga uning onasi Qirolicha Yelizaveta Ikkinchi olamdan o‘tgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

340

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing