Dunyoda ilk bor falaj ayol kosmosga parvoz qildi (video)
Olam
−
22 dekabr 2910 2 daqiqa
Yevropa kosmik agentligi muhandisi, germaniyalik Michaela Benthaus Amerika tijoriy kosmik kompaniyasi Blue Origin tomonidan tashkil etilgan qisqa kosmik missiyada ishtirok etdi. 20 dekabr kuni u New Shepard kemasida 11 daqiqa davom etgan suborbital parvozni amalga oshirdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
E’tiborga molik jihati shundaki, Germaniyaning Kil shahrida tug‘ilgan 33 yoshli Benthaus beldan past qismi falaj bo‘lgan holda kosmosga uchgan birinchi inson bo‘lgan. U 2018 yilda velosipeddan yiqilib tushishi oqibatida jarohat olgan va shundan buyon nogironlar aravachasida harakatlanadi.
“Rostini aytsam, bu hayotimdagi eng ajoyib tajriba bo‘ldi. Menimcha, hech qachon orzulardan voz kechmaslik kerak. Ular ro‘yobga chiqishi uchun har doim oz bo‘lsada imkoniyat bor”, degan ayol.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u bolaligidan, “Yulduzlar jangi” filmini tomosha qilganidan keyin kosmosga qiziqa boshlagan.
New Shepard ekipaji tarkibiga Benthausdan tashqari yana 5 nafar kishi kirgan, ular orasida yana bir germaniyalik aerokosmik muhandis Hans Kyonigsmann ham bo‘lgan. U 2021 yilgacha Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasida muhandis bo‘lib ishlagan.
“Yer va uning atmosferasini ko‘rish hayratlanarli, ammo qora fon men o‘ylaganimdan ham chuqurroq bo‘lib chiqdi”, degan Kyonigsmann.
Mazkur missiya amerikalik milliarder Jeff Bezosga tegishli bo‘lgan Blue Origin kompaniyasining 16-parvozi bo‘ldi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda kosmik ekspress-parvozlarda qariyb 80 nafar badavlat mijoz, jumladan, amerikalik mashhurlar ham ishtirok etgan. Biroq chipta narxlari oshkor qilinmaydi.
Ba’zi tanqidchilar New Shepard parvozlarini to‘liq kosmik parvoz deb hisoblamaydi, chunki bu ko‘p martalik kema faqat suborbital balandlikkacha ko‘tariladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning “Soyuz MS-28” kosmik kemasi Qozog‘istondagi Bayqo‘ng‘ir kosmodromidan Xalqaro kosmik stansiya (XKS)ga uchirilgandi.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr