Dunyoda 14,3 mln bola umuman emlanmagan – JSST
Salomatlik
−
19 iyul 2748 2 daqiqa
Dunyo bo‘yicha qariyb 14,3 million bola hali ham umuman emlanmagan. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va UNICEF’ning milliy emlash darajasini baholovchi umumiy hisobotida aytiladi.
Unga ko‘ra, 2023 yilga nisbatan o‘tgan yili dunyo bo‘yicha emlanmagan bolalar soni 171 ming nafarga kamaygan. Shunga qaramay, hali ham 14 mlndan ortiq bola emlanishga muhtoj. Yana 5,7 million bola esa faqatgina ba’zi dozalarni olgan bo‘lib, ular to‘liq himoya ostida emas.
JSSTning emlash, vaksinalar va biologik mahsulotlar bo‘yicha direktori doktor Keyt Brayen vaziyatni “tashvishli” deb baholagan. Uning aytishicha, global maqsad – har bir bolaga hayot uchun muhim bo‘lgan vaksinalarni yetkazishdir. Ammo bu yo‘lda “shaffof to‘siq” paydo bo‘lgan va uni yorib o‘tish tobora murakkablashmoqda.
Uning ta’kidlashicha, mojarolar va urushlar sonining ortishi emlash jarayonini jiddiy sekinlashtirgan, ayniqsa past va o‘rta daromadli mamlakatlarda. 26 ta beqaror, mojaroli yoki gumanitar inqiroz holatidagi mamlakatlarda yashovchi bolalar emlanmaslik ehtimoli bo‘yicha barqaror davlatlardagilarga qaraganda uch barobar yuqoriroq. Hisobotga ko‘ra, emlanmagan bolalarning yarmi aynan ana shunday davlatlarda yashaydi.
Nigeriya, Hindiston, Sudan, Kongo, Efiopiya, Indoneziya, Yaman, Afg‘oniston va Angola singari to‘qqiz davlat emlanmagan bolalarning 52 foizini tashkil etgan. Shu bilan birga, rivojlangan mamlakatlarda esa emlashga bo‘lgan ishonchsizlik, tibbiyot tizimlariga bo‘lgan shubha va noto‘g‘ri ma’lumotlar sabab kasalliklar qayta avj olmoqda.
UNICEF vakili so‘nggi 50 yil ichida emlash orqali 150 mlndan ortiq bola hayoti saqlab qolingani, ammo hozirgi tahdidlar ishonchsizlikdan dalolat berishini aytgan.
AQSHda, ayniqsa, G‘arbiy Texasda emlanish darajasi past bo‘lgan hududlarda qizamiq tarqalmoqda va bu yil qizamiq holatlari oxirgi 25 yildagi eng yuqori darajaga yetgan.
Hisobotga ko‘ra, emlash borasida moliyaviy yordamning kamayishi ham xavotirli. AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) agentligi qisqartirilgan, GAVI va boshqa vaksinalarni yetkazib beruvchi tashkilotlar bilan hamkorlik zaiflashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq USAID tomonidan amalga oshirilayotgan dasturlarning moliyalashtirilishini keskin qisqartirish 2030 yilgacha dunyo bo‘ylab 14 million kishining hayotiga zomin bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi