Dunyo Trampdan yuz o‘girmoqdami?

Tahlil

image

Dunyo tartiboti o‘zgarmoqda. Avvalgi Vashingtonning do‘stlari bugun Pekin tomonga og‘ib ketyapti. AQSH Prezidenti Donald Tramp Amerikani qayta buyuk qilish o‘rniga, uni yolg‘izlatib qo‘ymoqda, go‘yo. Noqulay boj siyosati, anneksiya tahdidlari, turli po‘psalar-u kinoyali tajovuzlar dunyo davlatlarini Tramp siyosatidan uzoqlashishga, yangi qudartli do‘st topishga undamoqda. Ayni damda, Xitoy AQSH o‘rnini bosuvchi sifatida jahon sahnasiga chiqmoqda. Yalpi ichki mahsuloti (YAIM) bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turuvchi, xarid qobilyati jihatidan esa jahonda birinchi hisoblanuvchi Xitoy Xalq Respublikasi, chinakamiga AQSHdan keyingi eng qudratli aktordir (xalqaro maydondagi sub’ekt).

Yanvar oyining o‘zidayoq Pekinga 6 ta davlat rahbari turli masalalar yuzasidan davlat tashrifini amalga oshirdi. Ular orasida AQSHning eski “qadrdonlari”dan tortib, eng yaqin qo‘shnilarigacha bor. Kezi kelganda inson huquqlari va demokratiyani o‘zlarining asosiy qadriyati deb biladigan G‘arb davlatlari, mafkuraviy ziddiyatlarni chetga surib, iqtisodiy manfaatlar uchun sotsialistik Xitoy bilan ham do‘stlashishi mumkin ekan.

Yon qo‘shni – jon qo‘shni

Trampning Kanadaga nisbatan munosabati, unga nisbatan bildirgan fikrlari internetda tez-tez shovqin ko‘tarib turadi. Hazil aralash aytilgan “51-shtat” maqomi ham hali hech kimni yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak.

“Biz Kanadaga subsidiya berish uchun yuzlab milliard dollar to‘layapmiz. Nima uchun? Buning hech qanday sababi yo‘q. Bizga ulardagi narsalarning hech biri kerak emas. Bizda cheksiz energiya resurslari bor, o‘z avtomobillarimizni o‘zimiz ishlab chiqarishimiz kerak va bizda, hattoki ishlata olganimizdan ham ko‘proq yog‘och materiallari (o‘rmon) bor. Ushbu ulkan subsidiyalarsiz Kanada yashovchan davlat sifatida mavjudligini to‘xtatadi. Shavqatsiz, lekin haqiqat! Shunday ekan, Kanada bizning qadrli 51-shtatimizga aylanishi kerak. Bu Kanada xalqi uchun ancha past soliqlar va ancha yaxshi harbiy himoya degani va hech qanday bojlarsiz (tariflarsiz)!”, deb yozgan edi Tramp o‘zining X’dagi sahifasida.

Uzoq vaqt davomida Trampning qaysidir ma’noda “dag‘dag‘ali hazillariga” chidab kelgan Ottava ma’muriyati, asta-sekinlik bilan “hazilkash qo‘shnisidan” uzoqlashishga urinmoqda. Aslida ham, iqtisodiy jihatdan janubdagi qo‘shnisiga nihoyatda bog‘lanib qolgan Kanadada (eksportining 75% dan ortig‘i Amerika Qo‘shma Shtatlariga yo‘naltirilgan) yangi bozorlarga ehtiyoj allaqachon shakllangan edi.

Shu o‘rinda, Kanada Bosh vaziri Mark Karni Pekin bilan aloqalarni tiklash va AQSHdan tashqarida o‘z mamlakati uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlarni topish maqsadida 27 yanvar sanasida Xitoyga tashrif buyurdi. Bu Kanada bosh vazirining 2017 yildan beri Pekinga birinchi tashrifi bo‘lib, Karni yangi savdo va xavfsizlik sherikliklarini izlayotgan bir paytda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarda muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Avvalambor, ikki tomon o‘rtasidagi munosabatlar “strategik hamkorlik” darajasiga ko‘tarilgani alohida e’tirofga loyiq. Endilikda uzoq vaqt davomida “muzlik davrini” boshdan kechirgan Kanada-Xitoy aloqalarida “yangi bob” boshlandi deyish mumkin.

Tashrif davomida 8 ta ikki tomonlama kelishuv imzolanganligi e’lon qilindi. Ular qatoridan quyidagi shartnomalr o‘rin olgan:

• savdo va investitsiyalarni kengaytirish bo‘yicha strategik dialogni tiklash;
• energiya hamkorligi: toza energiya, neft-gaz, fuqarolik yadro energiyasi, tabiiy uran savdosi bo‘yicha hamkorlik;
• qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlikni kuchaytirish;
• iqtisodiy ishonch va teng raqobat muhitini qo‘llab-quvvatlash;
• huquqni muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlik: korrupsiya, kiberjinoyatchilik, telekom-firibgarlik va sintetik dorilar bilan kurash.

Tomonlar sanksiya va bojlar masalasida ham bir qancha kelishuvlarga erishdi. Pekin Kanadadan import qilinuvchi kanola yog‘iga qo‘yilgan 85 foizlik boj stavkasini 15 foizgacha kamaytirishi, Ottava ma’muriyati esa Xitoydan kirib keladigan elektromobillarga qo‘yilgan 100 foiz miqdoridagi boj stavkasini 6.1 foiz atrofida belgilashi kelishib olindi. Bu qadamlar, ayniqsa, ilgari uzoq vaqt davomida ikki davlat o‘rtasida savdo sanksiyalari va tariflar vositasida yuzaga kelgan tortishuvlar fonida katta ahamiyatga ega.

AQSH esa Kanada-Xitoy munosabatlarining rivojlanishiga jimgina qarab turmoqchi emas.

“Agar Kanada Xitoy bilan kelishuvga erishsa, men darhol AQSHga kiradigan barcha Kanada tovarlari va mahsulotlariga 100 foiz tarif bilan zarba beraman”, deb yozadi Tramp o‘zining Truth Social sahifasida.

Ammo bunday tahdidlar endi Kanadaning Xitoyga bo‘lgan pozitsiyasini o‘zgartira olmaydi, tomonlar o‘rtasida aloqalar rivojlanishda davom etadi.

Yevropa AQSHdan xafa

Donald Trampning Yevropa Ittifoqiga (YeI) “boqimanda” sifatida qarashi, vaziyat topildi deganda NATO uchun ajratib kelingan pullarini “minnat” qilishi ko‘pchilikka ma’lum. Hech qanday diplomatik pardalarsiz ochiqchasiga qilinayotgan tahqirlanishlar ittifoq va AQSH o‘rtasidagi aloqalarni yomonlashuviga olib keldi. Bundan tashqari, Trampning butun dunyoga ochgan “savdo urushi” oqibatida Yevropa davlatlarida Trans-Atlantik ittifoqning kelajagiga nisbatan xavotir paydo bo‘la boshladi. Alyansning birinchi raqamli do‘sti endi Vashinton bo‘la olmaydi.

Mana shunday qaltis vaziyat fonida, Irlandiya Bosh vaziri Mixol Martinning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi xalqaro maydonda “jiddiy burilish” sifatida ko‘rilmoqda. 2026 yil 5 yanvar kuni Irlandiya Bosh vaziri Mixol Martin Xitoy Kommunistik partiyasi Bosh kotibi Si Szinpin bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda ko‘p tomonlama diplomatiyani qo‘llab-quvvatlash masalalari alohida ko‘rib chiqildi.

Tashrif davomida iqtisodiy hamkorlik asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. Xususan, Irlandiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, go‘sht va sut mahsulotlarini Xitoy bozoriga qayta va kengroq miqyosda olib chiqish masalasi muhokama qilindi. Susayib qolgan Irlandiya-Xitoy munosabatlarining qayta jonlanishi Irlandiya uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar, Xitoy uchun esa sifatli mahsulotlar ta’minotini anglatadi. Shuningdek, texnologiya, ta’lim va madaniy almashinuv sohalaridagi hamkorlik istiqbollari ham kun tartibidan joy oldi.

Dunyo esa bu tashrifdan maqsad ikki tomonlama munosabatlarni tiklashdan ko‘ra ko‘proq Yevropaning Xitoy bilan yaqinlashuvga intilishi sifatida ko‘rmoqda. Irlandiya Yevropa Ittifoqining faol a’zosi sifatida Xitoy bilan muloqotda “ko‘prik” vazifasini bajarishga intilyapti. Martinning tashrifi Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarda muvozanat, ochiqlik va pragmatik yondashuv zarurligini namoyon etdi. Bu esa keskin qarama-qarshiliklar davrida diplomatik murosaning naqadar muhim ekanini eslatadi.

Yevropaning niyati jiddiy ekanligini keyingi tashriflardan ham ko‘rish mumkin. 22-28 yanvar kunlari Finlandiya Bosh vaziri Petteri Orponing Xitoyga qilgan tashrifi ham YeI—Xitoy munosabatlarini yaxshilanayotgani, Yevropaning Pekinga nisbatan pozitsiyasi o‘zgarayotganining dalili deyish mumkin. 6 kunlik safar doirasida Pekinda yuqori darajadagi uchrashuvlar hamda Finlyandiyaning 20 ta kompaniyasi ishtirokida tijorat muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Orpo 27 yanvar kuni Xitoy Raisi Si Szinpin, Bosh vaziri Li Syan va Butunxitoy xalq vakillari kengashi raisi Chjao Letszi bilan uchrashdi. Bir kun avval esa u Tijorat vaziri Van Ventao bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Kun tartibidan ikki tomonlama munosabatlar, bozorga kirish imkoniyatlari hamda Yevropa Ittifoqi va Xitoy o‘rtasidagi savdo balansi kabi mavzular o‘rin oldi.
Pekin bilan tobora yaqinlashish, iqtisodiy aloqalarni qayta tiklash ko‘zda tutilgan uchrashuvlar natijasini ijobiy baholash mumkin. Tashrif so‘nggiga ko‘ra, Finlandiya va Xitoy kompaniyalari o‘rtasida 11 ta tijorat shartnomasi imzolandi.

“Bunday rasmiy tashriflar Xitoydagi kompaniyalarimiz uchun eshiklarni ochadi. Men Finlyandiya eksportini qo‘llab-quvvatlash va shu yo‘l bilan bandlikni oshirish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan juda mamnunman”, dedi Bosh vazir Orpo.

Shu jumladan, fin vaziri tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsadni ham yashirgani yo‘q. Vazir YeI va Xitoy ayni damdagi murakkab global vaziyatda birlashishi kerakligini alohida ta’kidlagan.

“Yevropa Ittifoqi va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar hozirgi global vaziyatda juda muhim. Ular iqtisodiy gigantlar bo‘lib, o‘zaro munosabatlari global iqtisodiy rivojlanishda muhim rol o‘ynaydi. Yevropa Ittifoqi va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatlarga va teng sharoitlarga asoslangan savdoni rivojlantirish muhimdir”, degan Orpo.

Yanvar oyi so‘nggida Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerning Xitoyga qilgan tashrifi dunyo siyosatidagi eng muhim voqealardan biri sifatida tatbiq etilmoqda. Tomonlar o‘rtasidagi 8 yillik katta tanafusdan so‘ng Bosh vazirning Pekinga qilgan tashrifini alohida geosiyosiy belgi sifatida tushunish mumkin. AQSHning eng yaqin savdo hamkorlaridan biri bo‘lgan Buyuk Britaniyaning Xitoy bilan “nurashni” boshlagan aloqalarni qayta tiklashga urunishi, Vashingtonning beqaror siyosiy muhitidan qochayotganining isbotidir.

AQSH va Buyuk Britaniya o‘nlab yillar davomida yaqin ittifoqchi bo‘lib kelgan. Ular 2001 yildan buyon Yaqin Sharqdagi urushlarda va global terrorizm hamda boshqa tahdidlarga qarshi kurashda yaqin muvofiqlik bilan harakat qilishgan. Shuningdek, ular Five Eyes (Besh Ko‘z) razvedka almashinuvi tizimi orqali ma’lumot almashgan va BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari sifatida birga ishlashgan. Vaholangki, AQSH Prezidentligiga Donald Trampning kelganiga atigi bir yil bo‘lishiga qaramay London bilan munosabatlar taranglashmoqda.

Starmer Si Szinpin bilan rasmiy sammit va tushlik davomida qariyb uch soat vaqt o‘tkazdi. Unda tomonlar savdo va xavfsizlik, Ukrainadagi urush, shuningdek, futbol va Shekspir haqida suhbatlashgan. Muzokaralar natijasida, Pekin britaniyaliklar uchun 30 kunlik vizasiz rejimga va viski bojlarini ikki baravar kamaytirishga rozi bo‘ldi. Shu bilan birga, Britaniyaning Astra Zenesa farmatsevtika kompaniyasi Xitoyga 15 milliard dollar sarmoya kiritishini e’lon qildi.

Har ikki tomon rahbarlari ham munosabatlar iliqlashganidan mamnunligini ta’kidlagan. Faqatgina, AQSH bundan norozi va Buyuk Britaniyani Xitoy xavfidan ogohlantirishga urinmoqda. Ammo, na Britaniya va na YeI uning “nasihatlariga” quloq solyapti.

Xullas, AQSH tariflari Xitoyni zaiflashtirmayapti. Aksincha, ular Xitoyga yangi rol beryapti – iqtisodiy alternativ markaz, hatto geosiyosiy “xavfsiz boshpana” sifatida. Tramp ma’muriyati olib borayotgan iqtisodiy agressiya – tariflar, qayta muzokaralar, bosim va ultimatumlar – AQSHni ishonchli sherik emas, balki xavfli kontragent (shartnoma yoki bitimda ishtirok etuvchi tomonlardan biri) sifatida ko‘rsata boshladi. Natijada davlatlar “Xitoyni yoqtirgani uchun emas”, balki AQSHdan charchagani uchun Pekinga yaqinlashyapti. Na mafkura, na qadriyatlar bunga halal bera oladi. Bunda geoiqtisodiy mantiq shuki, davlatlar uchun “muhabbat” emas, barqarorlik muhim.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Buyuk Britaniya Xitoy Tramp Si Tszin'pin EI Finlyandiya Pekin Irlandiya Petteri Orpo Starmer Mixol Martin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing