Dunyo kutgan uchrashuvning vaqti e’lon qilindi
Olam
−
14 avgust 33152 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Donald Trampning Alyaskadagi uchrashuvi 15 avgust kuni mahalliy vaqt bilan 11:30 da (O‘zbekiston vaqti bilan soat 23:30) boshlanadi. Bu haqda bugun, 14 avgust kuni Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi.
Ushakovga ko‘ra, avval ikki davlat rahbarlari tarjimonlar ishtirokida yakkama-yakka muloqot qiladi, so‘ngra delegatsiyalar tarkibida muzokaralar davom etadi va ishchi nonushta bilan yakunlanadi. Uchrashuv qancha davom etishi suhbat davomiyligiga bog‘liq bo‘lishi aytilgan. Asosiy mavzu Rossiya–Ukraina mojarosini hal etish bo‘ladi.
Rossiya delegatsiyasi tarkibiga Ushakov, Moliya vaziri Anton Siluanov, Mudofaa vaziri Andrey Belousov, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hamda Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev kiradi.
Qayd etilishicha, uchrashuv “sinov” xarakterida bo‘lib, yakuniy bosqich Putin va Zelenskiy uchrashuvi bo‘lishi mumkin.
Muzokaralarda “hududlar almashinuvi” masalasi ham muhokama qilinishi kutilmoqda. Tramp bu jarayonda ikki tomon uchun ham “yoqimsiz narsalar” bo‘lishini, front chiziqlari o‘zgarishini aytgan va agar muzokara muvaffaqiyatsiz tugasa, jarayondan chiqib ketishi mumkinligini bildirgan.
Rossiya TIV esa Konstitutsiyada mamlakat hududiy tuzilishi belgilanganini eslatib, bu borada izoh yetarli ekanini qayd etgan. Zelenskiy ham barchasini hududiy o‘zgarishsiz hal qilmoqchi. Putin kabi u ham mamlakat qonunlarini eslatib, Rossiyaga bir qarich ham yer berilmasligini aytgan.
Qayd etish joiz, shunday noaniqliklar fonida Tramp Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyorligini aytdi. “The Telegraph” nashri esa vaziyatdan xabardor manbalariga tayanib, Donald Tramp Ankorijda bo‘lib o‘tadigan sammitda Vladimir Putinga Moskva uchun bir qancha qulay takliflar bilan chiqishi haqida xabar bergan edi. Takliflar orasida Moskvaga Alyaskaning tabiiy resurslaridan foydalanish imkoniyatini berish va Rossiya aviatsiya sanoatiga nisbatan AQSH sanksiyalarini bekor qilish bor.