Dunyo kutgan suhbat: Tramp Putin va Zelenskiy bilan gaplashmoqchi
Olam
−
17 may 7471 2 daqiqa
Joriy yilning 19 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qiladi. Bu haqda Amerika rahbari o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Trampning ta’kidlashicha, asosiy muhokama mavzulari – Ukrainadagi urushni to‘xtatish va savdo masalalari bo‘ladi.
“19 may kuni soat 10:00 (Vashington vaqti bilan) men Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefonda gaplashaman. Kun tartibida qon to‘kilishini to‘xtatish va savdo masalalari bor. Keyin men Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan, so‘ngra esa NATOning bir qator a’zolari bilan birgalikda suhbatlashaman”, deya yozgan Tramp.
Tramp, shuningdek, 19 may kunidan yaxshi natijalar kutayotgani va so‘ngida otishmalar to‘xtab, shafqatsiz urush yakunlanishiga umid qilib turganini qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun, ushbu telefon suhbati Rossiya va Ukraina o‘rtasida kecha, 16 may kuni Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan uch yillik tanaffusdan keyingi ilk yuzma-yuz muzokaralardan so‘ng amalga oshadi. Ushbu uchrashuvda tomonlar 1000 nafar harbiyni almashish bo‘yicha kelishuvga erishdi va o‘zaro otishmani to‘xtatish shartlarini ishlab chiqishga kelishib oldi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSH davlat kotibi Marko Rubio bilan o‘tkazgan suhbatida Ukraina Istanbul muzokaralarini qayta tiklashga AQSH ta’siri orqali rozi bo‘lganini ta’kidlagan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev tomoni Istanbul muzokaralarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Putin va Zelenskiy o‘rtasida uchrashuv o‘tkazishni taklif qilgan. Moskva esa bu taklifni e’tirof etgan va kelgusi muzokaralar uchun sharoit yaratishga tayyor ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan beri Putin bilan ikki marta – 12 fevral va 18 mart kunlari suhbatlashgandi. Ikki holatda ham asosiy mavzu – Ukrainadagi mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish bo‘lgan.
Live
Barchasi