AQSH Tramp sabab yana “sovuq urush” bo‘sag‘asida ekani aytildi
Olam
−
31 Oktabr 2020
13595AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan olib borilgan siyosat natijasida Amerika Rossiya va Xitoy bilan ikkinchi "sovuq urush" yoqasiga kelib qoldi. Bu haqda AQSHning sobiq davlat kotibi Jorj Shulsning kecha, 30 oktyabr kuni chop etilgan maqolasida aytilgan.
“Bizning munosabatlarimiz dunyoning katta qismi bilan, shu jumladan, Vashingtonning Yevropa va Osiyodagi yaqin ittifoqichilari hisoblangan davlatlar bilan ham ishonchsizlik hamda dushmanlik kayfiyati ustunligi bilan ajralib turdi. Biz Xitoy va Rossiya bilan munosabatlarimizda ikkinchi "sovuq urush" holatiga yaqinlashmoqdamiz. Tashqi siyosatda Amerikaga qarshi kayfiyat va harakatdagi davlatlarga nisbatan minimal diplomatik urinishlar bilan harbiy tahdidga tayanish munosabatlarimizning asosiy xususiyati hisoblanadi.”, deydi AQSH Davlat departamenti (1982-1989) va Moliya vazirligining (1972-1974) sobiq rahbari, shuningdek, respublikachilarning ikkita Prezidenti Ronald Reygan va Richard Nikson ma’muriyatida ishlagan Jorj Shuls.
Uning fikricha, Tramp ma’muriyati Amerikaning boshqa davlatlar bilan munosabatini hech qanday manfaat keltirmaydigan o‘yin deb hisoblagan.
“Tramp ma’muriyati Amerikaning boshqa davlatlar bilan munosabatlari milliy rahbarlar o‘rtasidagi shaxsiy munosabatlarga asoslangan, deb o‘ylagan shekilli! Natijada esa ishonchsizlik xalqaro darajada hukm surmoqda”, degan 100 yoshni qarshilayotgan siyosatchi.
Shulsning fikriga ko‘ra, Tramp ham mamlakat ichida, ham chet elda shunday ishonchsizlik muhitini yaratdiki, vaziyatni barqarorlashtirish uchun ko‘p yillar talab etiladi. Shuls “hozirda ishonch mavjud bo‘lmagan joyda uni tiklash” zarurligiga ishora qildi.
“Hamkorlarimiz biz barcha uchun umumiy demokratik qadriyatlarni ulashayotganimizga va barcha uchun foyda keltiruvchi xalqaro davlatlar tizmi ustida ishlayotganimizga ishonishi kerak. Hatto dushmanlarimiz ham boshqa masalalarda qarama-qarshilik bo‘lsa-da, insoniyatning mavjudligiga xavf soluvchi global tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishimizga ishonishi kerak. Bu vazifalarni bajarishga bir prezidentlik muddati yetmasligi mumkin”, degan siyosatchi.
U shuningdek, Tramning Twitter`dan foydalanishi amerikalik diplomatlar ishini haddan tashqari qiyinlashtirib yuborganini ta’kidladi.
Kecha, 30 oktyabr kuni Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya halqaro munosabatlar me’morchiligining qulashidan havotirdaligini ta’kidlagan edi.
Farruxjon Murodqulov
LiveBarchasi