Dunyo iqtisodiga turg‘unlik xavf solayotganda neft arzonlashyapti
Olam
−
07 Sentabr 2022
6558Neft narxi bugun, 7 sentyabrdagi savdolar chog‘ida savdogarlarning global iqtisodiy o‘sish sur’atining sekinlashuvi sharoitida energiya resurslariga bo‘lgan talab istiqbollari bilan bog‘liq xavotirlari ortib borayotgani fonida qariyb 3 foizga arzonlashdi. Bugungi sessiya davomida Brent fevral oyidan beri birinchi marta bir barrel uchun 89 dollardan pastga tushdi.
“AQSHning yuqori foiz stavkalari va kuchliroq dollar, shuningdek, global iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi haqidagi taxminlar neft bozoriga bosim o‘tkazishda davom etmoqda”, deydi BOK Financial Corporation tahlilchisi Dennis Kissler.
Xitoyda 7 sentyabr kuni e’lon qilingan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat avgust oyida neft importini o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 9,4 foizga qisqartirgan.
Londonning ICE Futures birjasida Brent markali neftning noyabr fyucherslari narxi Toshkent vaqti bilan soat 19:30 ga kelib bir barrel uchun 90,24 dollarni tashkil etdi, bu avvalgi sessiyaning yopilish narxidan 2,59 dollar (2,79 foiz) past. Avvalroq sessiyada narx 3 fevraldan beri birinchi marta bir barrel uchun 89 dollardan pastga tushgandi.
Nyu-York tovar birjasi (NYMEX) dagi savdolar chog‘ida oktyabr oyiga mo‘ljallangan WTI neftining fyucherslari shu vaqtga kelib 2,73 dollarga (3,14 foiz) pasayib, bir barrel uchun 84,15 dollarni tashkil qildi. Shartnoma narxlari yanvar oyidan beri eng past darajada bo‘lib, sessiya davomida 83 dollardan pastga tushdi.
Ayni paytda neft narxi Ukrainadagi mojaro va Rossiyaga nisbatan qattiq sanksiyalar qo‘llanayotgan paytda bozorda o‘zgaruvchanlik davrini boshdan kechirgan fevral oyining oxiridagidan pastroq.
Swissquote bosh tahlilchisi Aypek Ozkardeskayaning fikricha, “pastga bosim global retsessiyadan qo‘rquvning kuchayishi bilan bog‘liq”.
LiveBarchasi