Dunyo “global suv bankrotligi” davriga kirdi
Olam
−
21 yanvar 3802 1 daqiqa
Dunyo bo‘ylab suv resurslari keskin qisqarib bormoqda. Bu haqda kecha, 20 yanvar kuni BMT huzuridagi Suv, atrof-muhit va sog‘liqni saqlash universiteti instituti (UNU-INWEH) e’lon qilgan yangi hisobotda ma’lum qilindi.
Hisobotga ko‘ra, so‘nggi 50 yil ichida dunyoda 410 million gektar botqoqliklar yo‘qolgan. Yirik ko‘llar qisqarib bormoqda, ayrim daryolar esa yilning ma’lum davrlarida dengizga yetib bormayapti. Yerosti suv zaxiralarining qariyb 70 foizi barqaror kamayish holatida.
Iqlim o‘zgarishi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. 1970 yildan buyon dunyo muzliklarining 30 foizdan ortig‘i yo‘qolgan. Bu esa yuz millionlab odamlar foydalanadigan suv manbalarining qisqarishiga olib kelmoqda. Suvdan haddan tashqari foydalanish, ifloslanish va ekologik muvozanatning buzilishi ko‘plab suv tizimlarini tiklab bo‘lmas darajaga yetkazgan.
Prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga borib:
- taxminan 2 milliard kishi xavfsiz boshqariladigan ichimlik suvisiz yashashda davom etadi.
- 700 million kishi suv tanqisligi sabab yashash joyini tark etishga majbur bo‘lishi mumkin;
- chuchuk suvga bo‘lgan global talab mavjud imkoniyatdan 40 foizga oshadi.
Shuningdek, 2030 yilga borib O‘zbekistonda suv tanqisligi 7 milliard kub metrga yetishi va mamlakat suv taqchil bo‘lgan 33 davlat qatoriga kirishi mumkin.
Shuningdek, hisobotda “suv inqirozi” o‘rniga vaziyatni aniqroq ifodalovchi “suv bankrotligi” atamasidan foydalanish taklif etilgan.
Aliqulov Javohir
Live
Barchasi