Dunyo boyligi kimning qo‘lida? Global tengsizlik tarixiy cho‘qqiga chiqdi

Bu qiziq

image

2025 yilda dunyoda boylar o‘z boyligini ko‘paytirishda davom etmoqda, shu bilan birga kambag‘allar bilan tafovut oshmoqda. Bu nafaqat moliyaviy jabhada, balki gender tengligi va iqlim sharoiti bilan ham bog‘liq bo‘lib boryapti. Bu haqda Global tengsizlik hisobotida (WIR 2026) keltirilgan.

O‘ta tengsiz dunyo

Hisobotga ko‘ra, inson kapitaliga egalik qilishdagi global tengsizlik hozir ham nihoyatda katta bo‘lib qolmoqda va bu ko‘pchilik tasavvur qilganidan ancha kengroq tafovut. Sahroi Kabirdan janubdagi Afrikada bir bola uchun ta’limga o‘rtacha xarajat xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha atigi 200 yevroni tashkil etsa, Yevropada bu ko‘rsatkich 7 400 yevro, Shimoliy Amerika va Okeaniyada esa 9 000 yevroga yetadi. Bu 1 ga 40 dan ortiq tafovut bo‘lib, jon boshiga YAIMdagi farqdan qariyb uch baravar kattadir. Bunday tafovut bir necha avlod hayoti davomida insonlarning yashash imkoniyatlarini belgilab beradi, imkoniyatlar geografiyasini mustahkamlaydi va global boylik ierarxiyasini yanada chuqurlashtiradi.

Hisobot ma’lumotlari global nomutanosiblik miqyosini ko‘rsatadi: sayyoradagi eng boy aholining 10 foizi jahon daromadining 53 foizini oladi va jami boylikning 75 foizini nazorat qiladi. Insoniyatning eng kambag‘al yarmi esa global aktivlarning atigi 2 foiziga egalik qiladi. Piramidaning yuqori qismida boylik jamlanishi tarixiy darajaga yetdi. Yer yuzidagi voyaga yetgan aholining 0,001 foizini tashkil etuvchi qariyb 56 ming kishi quyi yarmidagi 4 milliard odamning jami boyligidan uch baravar ko‘p mablag‘ga egalik qiladi. Ularning ulushi 1995 yildagi 3,8 foizdan 2025 yilda 6,1 foizgacha oshgan.

Farq tobora kengaymoqda: 1990 yillarning o‘rtalaridan beri milliarderlar va o‘ta boylar boyligi yiliga taxminan 8 foizga o‘sgan. Kambag‘allarning farovonligi sekin o‘sayotgani esa umumiy manzarani o‘zgartirmaydi: jahon iqtisodiyoti shunday tuzilganki, globallashuvdan asosiy foyda tor doiradagi guruh qo‘lida jamlanadi.

Boylarning chiqindilari uchun kim javobgar?

Hisobot ilk bor kapitalga egalik qilish bilan issiqxona gazlari chiqindilari o‘rtasidagi bog‘liqlikni batafsil tahlil qiladi. Sayyora aholisining eng kambag‘al yarmi ishlab chiqarish aktivlariga xususiy egalik bilan bog‘liq chiqindilarning atigi 3 foizi uchun javobgar. Eng boy 10 foiz esa bunday chiqindilarning 77 foizini, o‘ta boy 1 foiz esa 41 foizini ishlab chiqaradi – bu qolgan 90 foiz aholining barchasidan deyarli ikki baravar ko‘p. Bu nomutanosiblik ikki karra adolatsizlikni yuzaga keltiradi: iqlim o‘zgarishiga eng kam hissa qo‘shganlar uning oqibatlariga eng ko‘p duch keladi va moslashish uchun eng kam resurslarga ega bo‘ladi. Hisobot mualliflarining bildirishicha, iqlim inqirozi boylikning jamlanishi inqirozidan ajralmaydi va moliyaviy hamda investitsion tuzilmalarni qayta qurmasdan samarali iqlim siyosati yuritib bo‘lmaydi.

Ko‘rinmas mehnat va qadrsizlangan hissa

Global miqyosda ayollar mehnat daromadlarining atigi 28 foizini oladi – bu ko‘rsatkich 1990 yildan beri deyarli o‘zgarmagan. Hududlar bo‘yicha farqlar katta: Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada ayollar ulushi 16 foiz, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyoda 20 foiz, Yevropa hamda Markaziy Osiyo mintaqasida esa taxminan 40 foizni tashkil etadi. Ayniqsa, haq to‘lanmaydigan uy mehnatini hisobga olgandagi ma’lumotlar e’tiborga molik. Uy va oila parvarishini qo‘shib hisoblaganda, ayollar haftasiga o‘rtacha 53 soat, erkaklar esa 43 soat ishlaydi. Biroq ayollarning soatlik daromadi erkaklarnikining atigi 32 foiziga teng bo‘lib qoladi (faqat haq to‘lanadigan mehnat hisoblanganda bu ko‘rsatkich 61 foiz edi). Bu nomutanosiblik ayollarning martaba imkoniyatlari, siyosiy ishtiroki va aktivlar jamg‘arishini cheklaydi.

Boylar to‘lamaydigan soliqlar

Hisobot zamonaviy soliq tizimlaridagi paradoksni qayd etadi: daromad oshgani sari samarali daromad solig‘i stavkalari ko‘tariladi, biroq milliarderlar va o‘ta boylar darajasida keskin pasayadi. AQSH, Fransiya, Niderlandiya, Ispaniya va Braziliyada moliyaviy elita vakillari nisbatan kamroq daromadga ega xonadonlarga qaraganda mutanosib ravishda kamroq soliq to‘laydi. Bunday regressivlik davlatlarni ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sohaga sarmoya kiritish uchun zarur resurslardan mahrum qiladi. Mualliflarning hisob-kitobiga ko‘ra, o‘ta badavlat shaxslar (100 million dollardan ortiq aktivlarga ega qariyb 92 ming kishi) uchun joriy etiladigan global minimal boylik solig‘i stavkaga qarab yiliga jahon YAIMining 0,45 foizidan 1,11 foizigacha daromad keltirishi mumkin. Bu mablag‘lar Sahroi Kabirdan janubiy Afrika va Janubiy Osiyodagi ta’lim xarajatlaridan 1,2-2,9 baravar ko‘p bo‘lishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

kambag'allar boylik Global tengsizlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing