Ziroat Mirziyoyevadan tortib, Melaniya Trampgacha: dunyo birinchi xonimlari nima bilan band?
Olam
−
01 iyun 2020
26138Dunyo mamlakatlari rahbarlarining rafiqalari. Ular shunchaki Prezidentning turmush o‘rtog‘i yoki mamlakatning birinchi xonimi emas, balki ilm-fanda, jamoat ishlarida, madaniyat va san’at, sport sohalarida qator yutuqlarni qo‘lga kiritgan ayollar. Tarixdan ma’lum, har qanday kuchli sarkarda ortida, aqlli, oqila ayollar bo‘lgan. Xo‘sh, bugungi davr sarbonlarning ayollari nimalar bilan band. Ular faqat kiborlar davrasidami yoki oddiy odamlar?
Birinchi xonimlar mamlakat ijtimoiy hayotiga katta ta’sir o‘tkaza olishi mumkin. Ularning vazifasi aniq belgilanmagan. Ular turli sohalarda o‘z tashabbuslarini ko‘rsatib aholining ko‘nglidan joy oladi. Qaysidir xonim fondlar foliyatiga boshchilik qilsa, yana boshqasi turli tashkilotlarda rahbar sanaladi. Quyida siz ana shunday Birinchi xonimlar bilan tanishasiz.
Mehribon Aliyeva – Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning rafiqasi, mamlakat vitse-prezidenti. O‘zining faol jamoat faoliyatini 1995 yilda Ozarbayjon Madaniyati Fondi bilan boshladi va to shu kungacha bu Fondni boshqarib keladi. 1996 yilda Ozarbayjon madaniyatini keng targ‘ib etuvchi uch (ozarbayjon, ingliz va rus) tilda nashr etiladigan “Azerbaijan-Irs” jurnalini ta’sis etgan.
2002 yilda Mehribon Aliyeva Ozarbayjon Gimnastika Federatsiyasi Prezidenti etib saylandi va o‘zini mohir tashkilotchi sifatida namoyon qildi. Uning xalqaro hamjamiyatdagi nufuzi Xalqaro Gimnastika Federatsiyasining badiiy gimnastika bo‘yicha "A" bosqichdagi Xalqaro kubogi bellashuvlarini (2003) va qator Yevropa Chempionatlarini Ozarbayjonda o‘tishida muhim rol o‘ynadi.
Shuningdek, Mehribon Aliyeva yosh avlodga Ozarbayjon sobiq Prezidenti Haydar Aliyevning boy merosini o‘rgatish, Haydar Aliyevning milliy davlatchilik g‘oyalarini singdirish maqsadida asos solingan Haydar Aliyev Fondining prezidentidir. Ozarbayjon Birinchi xonimi UNESCO va ISESCO tashkilotlarining ezgu niyat elchisi hisoblanadi.
Brijit Mari-Klod Makron Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning rafiqasi. Shunday bo‘lsa-da u rasmiy birinchi xonim maqomiga ega bo‘lish uchun ko‘p yo‘l bosib o‘tgan. Bunga sabab Fransiya Hukumati ushbu lavozim uchun ortiqcha mablag‘ ishlatishni xohlamagan. 275 mingdan ortiq imzo to‘plagan petitsiyadan so‘ng Fransiya Hukumati Brijit Makronning Birinchi xonim rasmiy lavozimiga ega bo‘lmasligini va unga byudjetdan mablag‘ ajratilmasligini e’lon qildi.
Biroq, 2017 yil 21 avgustda Emmanuel Makronning veb-saytida davlat rahbarining rafiqasi maqomi to‘g‘risidagi “oshkoralik xartiyasi“ e’lon qilindi. Shundan so‘ng Brijit Makron oylik to‘lanmaydigan lavozimga ega bo‘ldi.
Brijit Makron mutaxassisligiga ko‘ra, o‘rta maktabda fransuz tili o‘qituvchisi. U Emmanuel Makron bilan kasbi to‘qnashuv ortidan tanishgan.
Emina Erdo‘g‘an – Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi. U Birinchi xonimlar orasida juda ko‘p loyihalarga boshchilik qilgani bilan ajralib turadi. Quyida uning tashkilotchiligida amalga oshirilgan va davom etib kelayotgan loyiha va tashkilotlarni keltirib o‘tamiz.
“Ko‘ngilli elchilar” – bu Oila va Ijtimoiy siyosat vazirligi tomonidan qo‘llab quvvatlanadigan loyiha. Bu loyiha ko‘ngillilar haqida xabardor qilib Ijtimoiy hayotda inson resurslariga bo‘lgan talabni qondiradi. Loyihada “Oilani himoya qilish xizmati” va “Ayollar uchun kasbiy tayyorgarlik” kabi kichik bo‘limlar mavjud.
“Keling, qizlar, maktabga boraylik” loyihasi maqsadi mamlakatdagi barcha qizlarni ta’lim olishiga imkoniyat yaratish hisoblanadi.
“Unumdor o‘rmonlar” loyihasi Turkiyada har yili kesilayotgan daraxtlar o‘rnini to‘ldirish bilan shug‘ullanadi. Loyiha doirasida 2015 yil 21 mart kuni 100 ming ko‘chat o‘tkazilgan.
Shuningdek, Emina Erdo‘g‘an “Ona va qizlarimiz maktabda savodxonlik kompaniyasi“, “7 yosh juda kech”, “Kelajagim himoyachisiman”, “Afrika qo‘l san’atlari bozori va madaniyat uyi”, “Chiqindidan holi” loyiha va kompaniyalari tashkilotchisi.
Yelena Zelenskiy – Ukraina Respublikasi Prezidenti Vladimir Zelenskiy rafiqasi. U siyosatga unchalik aralashmaydi. Zelenskiyning aytishicha, Yelena uni siyosatchi bo‘lishiga qarshi bo‘lgan. Hozirda Yelena Ukraina Madaniyat vazirligiga tegishli “San’at arsenali” loyiha kengashi a’zosi.
Shuningdek, Yelena Zelenskiy bir qancha korxonalar aksioneri hisoblanadi. Jumladan, “Studiya Kvartal-95“ MCHJ, “Zelary Fish” MCHJ, “AAldorante Limited” (Kipr), “Film Heritage Inc” (Beliz) va “San Tommaso S.G.K.” (Italiya) kompaniyalarining aksionerlaridan biridir.
Pen Liyuan – Xitoy rahbari Si Szinpinning rafiqasi. U Xitoy birinchi xonimi sifatida doim turmush o‘rtog‘iga siyosatda yordam beradi. Rasmiy safarlar davomida unga hamrohlik qiladi. Ma’lum qilinishicha, Pen Liyuan ingliz tilini mukammal biladi.
Pen Liyuan ajoyib qo‘shiqchi sanaladi. U mamlakat miqyosidagi qo‘shiq tanlovlarida ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Uning eng mashhur qo‘shiqlari "Bizning qishloq odamlari", "Jomolungma", "Umid tekisligida" deb nomlangan. Shuningdek, Xitoy birinchi xonimi general-mayor harbiy unvoniga ega.
Kim Jong Suk – Koreya Respublikasi birinchi xonimi. Ushbu xonim mamlakatda fe’l-atvori tufayli “Quvnoq xonim“ deb ataladi. U ham Xitoy birinchi xonimiga o‘xshab qo‘shiqchi sanaladi. U opera san’ati muxlisi va shu yo‘nalishda tahsil olgan.
Kim Jong Suk Kyonxi universitetida vokal musiqasi bo‘yicha bakalavr diplomini olgan. Birinchi xonim ushbu universitetda turmush o‘rtog‘i Mun Chje In bilan tanishgan. Ularning munosabatlari sobiq mamlakat rahbari Park Jung Xiga qarshi norozilik namoyishlari paytida ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz tufayli Mun Chje In xotirasini yo‘qotgandan keyin rivojlana boshlagan.
Kim Jong Suk va Mun Chje Inga 1981 yilda turmushga chiqqan. E’tiborli jihati, Kim Jong Su bo‘lajak mamlakat Prezidentiga turmush qurishni o‘zi taklif qilgan. Bu holat xuddi O‘zbekistondagi kabi Koreyada ham noodatiy hol hisoblanadi.
Kim Jong Suk 2017 yil 10 mayda erining Prezident sifatida inauguratsiyasi paytida Koreya Respublikasining Birinchi xonimiga aylandi. Hozirda u operadan dars beradi.
Ziroat Mirziyoyeva – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rafiqasi. Mutaxassisligi bo‘yicha muhandis-iqtisodchi. U uch farzandning onasi, besh nabiraning buvisi. Ziroat Mirziyoyeva Shavkat Mirziyoyevga xorijiy safarlar va xorijiy mamlakatlar rahbarlarining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida turmush o‘rtog‘iga hamrohlik qiladi. Yaqinda Ziroat Mirziyoyeva raisligida “Zamin” xalqaro jamoat fondiga asos solindi.
Fondning maqsadi — mamlakatning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shish va aholi turmush darajasini oshirish.
Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi “Zamin” fondi faoliyatini karantin sabab qiyin ahvolga tushib qolgan 5 ming ayolga besh milliard so‘m miqdorida yordam pullarini ajratishdan boshladi.
Og‘ulkerek Berdimuhamedova – Turkmaniston davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhammedovning rafiqasi Bu ayolni birinchi xonim deb atash mumkin emas. Uni hech kim ko‘rmagan. Turkmaniston Prezidenti barcha rasmiy tashriflarni ayolisiz, yolg‘iz o‘zi amalga oshiradi.
Gurbanguli Berdimuhamedov an’anaviy turkman oilasida o‘sgan. Ya’ni, ota-onasi vaqti kelganida, o‘g‘liga kelin topib, Teke qabilasining qonunlariga binoan uni uylantirib qo‘ygan. Ayol oddiy, kamtarin, oliy ma’lumotga ega emas. U ijtimoiy tadbirlarda qatnashmaydi.
“Birinchi xonim“ning mamlakatning siyosiy hayotida ishtirok etmasligining yana bir sababi, ehtimol, yuzni yopish uchun ham xizmat qiladigan turkmancha bosh kiyim kiyishidir. Og‘ulkerek gilam to‘qish bo‘yicha katta mahoratga ega. U sobiq mamlakat rahbari Saparmurod Niyozov portreti tushirilgan katta gilam to‘qigani ma’lum.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning rafiqasi ham dunyo hamjamiyati ko‘zi oldida yashiringan. U haqda rasmiy ma’lumot yo‘q – gazetalar yozmaydi, mish-mishlar juda ishonchsiz. Jahon ommaviy axborot vositalari respublikaning birinchi xonimini Azizmo Asadullayeva deb ataydi.
Azizmo deyarli hech qachon eri bilan safarlarda hamroh bo‘lmaydi. U to‘qqiz farzandning onasi: yetti qiz va ikki o‘g‘il. Uning qizlaridan biri Firuza Dushanbe markazida do‘konlar tarmog‘iga egalik qiladi. Yana biri, Parvina tibbiyot universitetida o‘qiydi va shahar atrofida tan soqchilar bilan yuradi. Kichik farzandlar Tojikiston poytaxtidagi Prezident litseyida tahsil olishadi.
Aygul Tokoyeva (Jeenbekova) Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooranbay Jeenbekovning rafiqasi, mamlakat Birinchi xonimi. U jamoat tadbirlarida kamdan-kam uchraydigan mehmon. Olti oy davomida jamoatchilik Sooronbay Jenbekovning rafiqasini atigi uch marta ko‘rdi: Jenbekovning o‘zi inauguratsiya marosimida, 2019 yil 28 dekabr kuni “Prezident archasi” tadbirida va Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanada. Sooronbay Jeenbekov Prezident sifatida bir necha rasmiy tashriflarda turmush o‘rtog‘isiz ko‘ringan.
Umuman olganda, Qirg‘iziston Prezidenti oilasini kamroq ko‘rinishini afzal ko‘radi. Kasb-hunar bo‘yicha mamlakat Birinchi xonimi kim ekanligi hali ham ma’lum emas. Ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan kam ma’lumotlarga ko‘ra, u qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasida kichik oilaviy biznes bilan shug‘ullanadi.
Aygul Jeenbekova kiyinishda musulmon uslubiga amal qiladi. Biron bir joyda uning ro‘molsiz surati nashr etilmagan.
Rula G‘ani Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘aning rafiqasi. Rula 1974 yilda Bayrutdagi Amerika universitetida siyosiy tadqiqotlar magistri darajasini olgan va u yerda bo‘lajak eri Ashraf G‘ani bilan uchrashgan. Rula G‘ani 1983 yilda Nyu-York shahridagi Kolumbiya Universitetida jurnalistika bo‘yicha yana bir magistr unvonini oldi. G‘ani 2003 yilda Afg‘onistonga qaytib kelgan.
Birinchi xonim Afg‘oniston, Livan va AQSH fuqaroligiga ega. Xabarlarga ko‘ra, u arab, ingliz, fransuz, pushtun va dari tillarida so‘zlashadi.
Ashraf G‘ani turmush o‘rtog‘ini afg‘oncha Bibi Gul deb ataydi. Prezident Bibi Gulni ayollar huquqini himoyachisi sifatida ko‘rishini ta’kidlagan. Tarixchi Ali Olomiyning ta’kidlashicha, Afg‘oniston qirolichasi Sorayadan keyin Rula G‘ani mamlakatda ayollar huquqlari uchun haqiqiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan ayol. Rula Birinchi xonim sifatida ayollarning huquqlarini himoya qilish ishlarida hozir ham faol harakat qilmoqda.
Iordaniya Qirolichasi Raniya al-Abdulla – Abdulla II ning turmush o‘rtog‘i. U ham aksar birinchi xonimlar kabi davlat ishlarida faol. Raniya xonim mamlakatda ayollar huquqini himoya qiluvchi va ijtimoiy yordam bo‘yicha bir qator loyihalar tashkilotchisi.
2005 yil iyul oyida Iordaniya Qirolligi Ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda “Qirolicha Raniya sovrini“ mukofotini yaratdi. Bu o‘qituvchilarni rag‘batlantirish uchun har yilgi mukofotdir.
Qirolicha Raniya Iordaniyaning birinchi bolalar muzeyining raisi hisoblanadi. U 2007 yil may oyida ochilgan bo‘lib, bolalar va ularning oilalari uchun umr bo‘yi ta’lim olishida rag‘batlantiradi. 2007 yilda Qirolicha Raniya besh yil ichida Iordaniyaning 500 ta maktabini qayta qurish dasturini boshladi. Qirolicha, shuningdek, Qirollik Sog‘liqni Saqlash Jamiyatining raisi hisoblanadi.
Raniya xonim 1995 yilda Iordan daryosi fondini yaratdi. Jamg‘arma, ayniqsa ayollar va bolalarga hayot sifatini yaxshilash va barcha iordaniyaliklar uchun yaxshi kelajak yaratish uchun yordam beradi. U shuningdek, Iordan daryosidagi bolalar dasturini ham yaratdi. Ushbu dastur bolalarning farovonligini siyosat va madaniy tabulardan ustun qo‘yishni xohlaydi.
2008 yil 30 martda Qirolicha Raniya o‘zining YouTube kanalini ochdi. U kanalda tomoshabinlarni Yaqin Sharq haqida o‘z fikrlarini bildirishga chorlaydi. Ularda arablar va musulmonlar haqida mavjud bo‘lgan stereotiplar haqida suhbatlar o‘tkazadi.
Mo‘za bint Nosir al-Misnid, Qatarning uchinchi amiri, siyosiy va jamoat arbobi shayx Hamad bin Xalifa al-Tanining uch xotinidan ikkinchisi. Mo‘za al-Misnid bir qator davlat va xalqaro faxriy lavozimga ega. Jumladan, Qatarning Ta’lim, fan va ijtimoiy rivojlanish jamg‘armasi rahbari, Oila ishlari bo‘yicha Oliy kengashning Prezidenti, Oliy Kengashning ta’lim bo‘yicha vitse-prezidenti va YUNESKOning maxsus vakili.
Mo‘za bint Nosir al-Misnid o‘zining asosiy maqsadi Qatarni zamonaviy, ilg‘or mamlakatga aylantirish. U Arab Demokratik Jamg‘armasini yaratdi. Unda turmush o‘rtog‘i 10 million dollar miqdorida dastlabki to‘lovni amalga oshirdi. Ushbu fondning asosiy maqsadi erkin ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishdir.
Shuningdek, Mo‘za Qatarni yangi Silikon vodiysiga aylantirish g‘oyasining tashabbuskori hisoblanadi. Shu maqsadda, 2008 yil oxirida ochilgan Qatardagi fan va texnologiyalar parki yaratildi. Ushbu bog‘da 225 million sarmoya jalb qilindi. Ular orasida Microsoft, Shell va General Electric kabi yetakchi kompaniyalar ham bor. Bundan tashqari, u “Ta’lim shahri“ loyihasining tashabbuskori hisoblanadi.
Melaniya Tramp – AQSH Prezidenti Donald Trampning rafiqasi, mamlakat Birinchi xonimi. U Amerikada tug‘ilmagan AQSH tarixidagi ikkinchi ushbu lavozim egasi. Uning asli kasbi fotomodel va dizayner.
Birinchi xonim lavozimida u boshqa xonimlarga o‘xshab mamlakat Ijtimoiy hayotiga ijobiy ta’sir o‘tkazishga harakat qildi. 2018 yil 13 mart kuni Tramp xonim Amazon, Facebook, Google, Snap va Twittertexnologiya kompaniyalari rahbarlari bilan kiber tazyiq va internet xavfsizlik muammolar bolalarga qanday ta’sir qilishiga alohida e’tibor berish mavzusida uchrashuv o‘tkazdi.
Hozirda Tramp xonim “Be Best” loyihasi tashkilotchisi. Loyiha yoshlar uchun farovonlikka qaratilgan va kiberhujum hamda giyohvand moddalarni iste’mol qilishdan himoya qilish dasturi bo‘yicha faoliyat olib boradi.
LiveBarchasi