Dubay valiahdi yana Toshkentda! Prezidentning kuyovlari unga ziyofat berdi
Jamiyat
−
01 noyabr 2019
32112Dubay valiahd shahzodasi 36 yoshli shayx Hamdam bin Muhammad al-Maktum yana Toshkentga keldi. Shahzoda Hamdam Instagram`dagi sahifasiga Toshkentda olingan suratlarni joylashtirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kecha, 31 oktyabr kuni Toshkentga Dubaydan Amir oilasiga xizmat ko‘rsatuvchi Dubai Air Wing - Royal Flight`ning A6-HRM raqami bilan ro‘yxatga olingan Boeing 747-422 samolyoti kelgan.
Shahzoda Hamdamning Instagram`idagi suratlardan ko‘rish mumkinki, Toshkentda uni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuyovlari – Oybek Tursunov va Otabek Umarov kutib olgan va oliy martabali mehmon sharafiga ziyofat uyushtirgan. Shahzoda O‘zbekiston bozorlarini hamda "Tashkent City" xalqaro biznes markazini ham borib ko‘rgan. Aftidan, shahzoda Hamdan "Hilton" mehmonxonasida bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyi o‘rtalarida Dubay shahzodasi lochin bilan tuvaloq ovlash uchun Navoiy viloyatida bo‘lgandi. U yerda viloyat markazidan 50 km uzoqlikda tuvaloqni ko‘paytirish va saqlash markazi mavjud.
Shahzoda Hamdamning tashrifidan bir necha kun o‘tib, uning otasi Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amiri Muhammad ibn Roshid Al-Maktum ham o‘g‘li bilan Toshkentga kelgani ma’lum bo‘lgandi.