Kirish imtihonlaridagi testlar qay darajada soddalashtirilishi ochiqlandi

Jamiyat

image

Avvalroq, 2020-2021 o‘quv yili uchun tayyorlanayotgan test sinovlari soddalashtirilishi haqida xabar bergan edik. Davlat test markazi testlar qay darajada soddalashtirilishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi.

2020-2021-o‘quv yili uchun o‘tkaziladigan oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga kirish test sinovlarida test topshiriqlari bo‘yicha quyidagi o‘zgarishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Test topshiriqlarini soddalashtirish:

Test topshiriqlari soddalashtiriladi deganda oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul imtihonlarida faqat sodda testlardan foydalaniladi, deb tushunmaslik kerak.

Umumta’lim fanlaridan test topshiriqlari 3 ta qiyinlik darajasida shakllantiriladi. Bunda birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlar ishlanishi, bajarilishi oson bo‘lgan test topshiriqlari hisoblanadi.

Avvalgi yillarda o‘tkazilgan test sinovlarida fanlardan 6 tagacha birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlari berilar edi. Bu yildan boshlab har bir variantda qo‘llaniladigan birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlari soni o‘rtacha 10 tagacha yetkazilmoqda.

Yozuvsiz xarita, jadval, rasmli ko‘rinishidagi test topshiriqlari sonini ko‘paytirish:

Abituriyentlar test topshiriqlarini mantiqiy fikrlab, tezda tushunishlari uchun joriy yilda ham tarix, geografiya fanlari kabi chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fanlaridan ham rasmli test topshiriqlari shakllantirilmoqda.

Shuningdek, biologiya va kimyo fanlaridan rasmli test topshiriqlari soni ko‘paytirilmoqda.

Ona tili va adabiyot fanidan test topshiriqlarini soddalashtirish:

Ona tili (o‘zbek, rus, qoraqalpoq) va adabiyot fanidan mustaqil o‘qish uchun tavsiya qilingan badiiy asarlardan test topshiriqlari soni ko‘paytiriladi.

Shuningdek, abituriyentlarning mantiqiy fikrlashini rivojlantirish maqsadida matnli testlar, ya’ni matn ustida ishlash bilan bog‘liq bo‘lgan test topshiriqlari tuzilmoqda.

Matnli test topshiriqlarida matn tarkibidagi so‘zlarning to‘g‘ri qo‘llanganligini va gaplarning to‘g‘ri shakllantirilganligini aniqlash, matndagi so‘zlarning ma’nolarini topish va matnning asosiy mazmunini tushunish talab etiladi.

Kimyo va fizika fanidan nazariy test topshiriqlari sonini oshirish:

Kimyo fanidan nazariy test topshiriqlar soni oshiriladi va laboratoriya ishlariga oid test topshiriqlari tuzilmoqda.

Fizika fanidan ham nazariy test topshiriqlar soni oshirilgan holda birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlari soni 6 tadan 10 tagacha ko‘paytirilmoqda.

Shuningdek, abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida “Doimiy fizik kattaliklar jadvali” ishlab chiqildi va u “Kimyoviy elementlar davriy sistemasi” kabi test sinovi topshirish jarayonida abituriyentlarga taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini 2 ta asosiy fandan test olish orqali o‘tkazish rejalashtirilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

OTM imtihon abiturient DTM

Baholaganlar

545

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing