“Dron armiyasi evaziga Patriot”: Fyodorov AQSHga taklif bilan chiqdi
Olam
−
11:47 886 2 daqiqa
Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri Mixail Fyodorov AQSHga dron armiyasini yaratishda yordam berishni taklif qildi. Buning evaziga Ukrainaga Patriot havo mudofaa tizimlari uchun tutuvchi raketalar yetkazib berilishini istamoqda. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Fyodorov AQSHga dron armiyasini yaratishda yordam berishga tayyorligini, buning evaziga Ukrainaga Patriot tizimlari uchun raketalar yetkazib berilishi kerakligini aytgan.
“Men AQSHga dron armiyasini yaratishda yordam berishdan juda mamnun bo‘lardim – ayniqsa Patriot tizimlari uchun tutuvchi raketalar evaziga. Shunda biz bu qishdan omon chiqishimiz mumkin”, degan u.
Sobiq vazir, shuningdek, boshqa hamkor davlatlarda, jumladan Fransiya va AQSHda mudofaa masalalari bo‘yicha maslahatchi bo‘lishni rejalashtirayotganini bildirgan.
Qayd etilishicha, Fyodorov AQSH investitsiyalarini mudofaa texnologiyalari jamg‘armasiga jalb qilish bo‘yicha ham muzokaralar olib bormoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamg‘arma jang maydoni uchun yangi qurollar va ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqadigan kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Bundan tashqari, sobiq vazir Rossiya urushni yana ikki-uch yil davom ettirishi mumkin, deb hisoblamoqda.
Ma’lumot uchun, Mixail Fyodorov 1991 yil 21 yanvarda Ukrainaning Zaporoje viloyatida tug‘ilgan. U 2019 yildan Ukraina raqamli transformatsiya vaziri va bosh vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2026 yil yanvarda mudofaa vaziri etib tayinlangan, iyul oyida esa lavozimidan ozod qilingan edi. Hozirda u Italiya mudofaa vazirining maslahatchisi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri Mixail Fyodorov mamlakatning Rossiyaga qarshi urush olib borish yondashuvini tanqid qilib, Ukraina hukumatida urushda qanday g‘alaba qozonish bo‘yicha yagona qarash mavjud emasligini aytgan edi.
Live
Barchasi