Komilovning kompaniyasi “Trest-12”dagi davlat ulushini sotib oldi
Jamiyat
−
19 fevral
7957O‘zbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri, amalda Prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili bo‘lib faoliyat yuritayotgan Abdulaziz Komilovning 53 yoshli o‘g‘li Doniyor Komilovga qarashli kompaniya “Trest-12” qurilish kompaniyasining ustav kapitalidagi 51,12 foiz davlat ulushini sotib oldi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.
Bildirilishicha, xususiylashtirish bo‘yicha konsultant tomonidan keng qamrovli marketing ishlari amalga oshirilib, investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborilgan. Natijada, 4 nafar xorijiy va mahalliy investorlar tomonidan sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish to‘g‘risidagi arizalar (Expression of Interest) konsultantga kelib tushgan.
Shu o‘rinda, konsultant tomonidan mazkur bosqichda avvaldan belgilangan mezonlarga muvofiq bo‘lgan 3 nafar talabgor xususiylashtirish jarayonining keyingi majburiyatga ega bo‘lgan takliflar (BO)ni taqdim etish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilingan.
Ushbu bosqichda, Axborotni oshkor etmaslik to‘g‘risidagi bitimni (NDA) imzolagan talabgorlarga konsultant tayyorlagan Korxonaning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil (due diligence) hisobotlari bilan tanishish, shuningdek, korxonaning boshqaruv organi bilan uchrashish imkoniyati yaratilgan.
Belgilangan muddatlarda konsultantga korxonani sotib olish bo‘yicha 2 nafar talabgorlardan majburiyatga ega bo‘lgan takliflar (BO) kelib tushgan hamda 111 mlrd so‘m miqdoridagi eng yuqori xarid bahosini taklif qilgan “Delta Global Dynamics” MCHJ savdo g‘olibi deb topildi.
Ma’lumot uchun, Doniyor Komilov “Delta Global Dynamics” MCHJning 100 foizlik ta’sischisi sanaladi.
Doniyor Komilov 1972 yilda tug‘ilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u Rossiya fuqarosi hisoblanadi. Mutaxassisligi bo‘yicha kichik Komilov iqtisodchi, Moskva Xalqaro munosabatlar instituti va Moskva Davlat universitetlarini tamomlagan. Ba’zilar Doniyor Komilov oligarx Alisher Usmonovning qo‘llovi bilan Rossiyada pul va obro‘-e’tibor orttirgan, deb aytadi.
“Forbes.ru” nashrining yozishicha, Doniyor “Gazprombank”ning birinchi vitse-prezidenti lavozimida ishlagan va bankka qarashli “OMZ” mashinasozlik xoldingi va uning shu’ba korxonalari direktorlar kengashi a’zosi bo‘lgan.
2022 yilga kelib, Doniyor Rossiyada birinchi, dunyo bo‘yicha to‘qqizinchi raqamli eng yirik mis ishlab chiqaruvchi – Ural kon-metallurgiya kompaniyasi (UKMK)ning yangi benefitsiar egasiga aylandi. O‘sha yili UKMK bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy aktivlarning umumiy daromadi “Kuzbassrazrezugol”, “Ugol-Trans” logistika kompaniyasi, “Rosterminalugol” va “Vostochniy porti” bilan birga deyarli 890 milliard rubl 7,1 milliard dollarni tashkil etgan, umumiy sof foyda 190 milliard rubl (15 million dollar)dan oshgan.
Aslida, Doniyor Komilovning Moskvada ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalari talaygina. Xususan, u “Selena”, “KTS”, “VLK”, “Xolding Invest”, “Glomaks” MCHJlarining ta’sischisi hisoblanadi.
Rossiya nashrlari Doniyor Komilovni rossiyalik oligarx deb ataydi. Lekin rus manbalarida ham, o‘zbek manbalarida ham Komilovning qancha boyligi borligi haqida ma’lumotlar yo‘q. Faqatgina uning ko‘plab kompaniyalari mavjudligi va unga tegishli biznes kompaniyalari so‘nggi yillarda O‘zbekiston bozoriga faol ravishda kirib kelayotgani ma’lum.
2022 yil fevral oyida Doniyor Komilovning kompaniyalaridan biri “First Premium Alliance” O‘zbekistondagi eng yirik spirtli ichimliklar zavodi – Qo‘qon biokimyo AJni 277 mlrd so‘mga xususiylashtirdi. 2020 yilning dekabr oyida tashkil topgan “First Premium Alliance” alkogolli mahsulotlarning ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanadi.
Doniyor Komilovga tegishli yana bir kompaniya – “Metropol Group” MCHJ 2021 yilning iyun oyida Toshkent shahri Sayilgoh ko‘chasida joylashgan DXXning sobiq markaziy binosini 210 milliard so‘mga sotib oldi. Bino o‘sha vaqtda Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatida turardi. Uning sotilishiga jamoatchilik norozilik bildirishiga qaramay, bino sotildi. Oradan ikki kun o‘tgach, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan bino Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari ro‘yxatidan chiqarib yuborildi. Bino hozir butunlay buzib yuborilgan, uning o‘rnida “Radisson Collection Hotel” mehmonxonasi quriladi.
LiveBarchasi
Trenddagilar
