Donbassdagi keskinlashuv fonida Ukraina va NATOning favqulodda yig‘ilishi o‘tkaziladi

Olam

image
0:00
0:00
download

Ertaga, 13 aprel kuni Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba ish safari bilan NATOning Bryusseldagi shtab-kvartirasiga tashrif buyuradi. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, uchrashuv Ukraina va NATO o‘rtasidagi maxsus sheriklik to‘g‘risidagi Xartiyaning 15-moddasi doirasida tashkil etiladi.

“Ukraina Tashqi ishlar vaziri va NATO rahbari Rossiya Federatsiyasining Ukraina bilan chegara hududi hamda vaqtincha bosib olingan Qrimda mavjud vaziyatni og‘irlashtirishiga oid vaziyatni muhokama qiladi”, deyiladi TIV xabarida.

Qayd etilishicha, ushbu uchrashuv doirasida Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini samarali qo‘llab-quvvatlashda NATO tomonidan ko‘rsatiladigan yordamning yo‘l xaritasi ham muhokama qilinadi.

G‘arb OAV xabariga ko‘ra, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken shu hafta Rossiyaning Ukrainaga qarshi harakatlarini muhokama qilish uchun Bryusselga tashrif buyuradi.

Donbassdagi vaziyat

Donbass mintaqasi Ukrainaning Donetsk va Lugansk hamda Rossiyaning Rostov viloyatlarini o‘z ichiga oladi. Ushbu hududda 2014 yildan beri harbiy harakatlar davom etmoqda. Buning oqibatda shu vaqtga qadar 13 ming kishi halok bo‘lgan. 

Konflikt bir tomondan Ukraina Qurolli kuchlari, ikkinchi tomonda ikki alohida o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalari o‘rtasida bormoqda. Ushbu ikki davlat Ukrainadagi 2014 yilgi siyosiy inqiroz vaqtida vujudga kelgan.  

Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalarining ikkisi ham na Ukraina va na jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan. Biroq, xabarlarga ko‘ra, ularni Rossiya qo‘llab-quvvatlamoqda. 

Qayta avj olgan harbiy harakatlar

Joriy yilning mart oyida Donbassdagi vaziyat yana keskinlasha boshladi. Bunga Ukrainaning NATOga qo‘shilish tomon qilgan harakatlari sabab bo‘lgani aytilmoqda. 

Ukraina ham, Rossiya ham ushbu mintaqaga chegaradosh bo‘lgan o‘zining hududiga harbiy kuchlarini to‘plamoqda. Bundan tashqari, Ukraina rahbari Zelenskiy harbiy tutashuv chizig‘iga borib, mudofaaning eng oldi pozitsiyalarida xizmat vazifasini o‘tayotgan harbiylar bilan suhbatda bo‘lib, ularga mukofotlar topshirgan.

O‘z navbatida Rossiya Ukrainaning NATOga qo‘shilishi Donbassdagi mojaroni hal qilmasligini ta’kidlagan. Boshqacha pozitsiya tutgan davlatlar ham yo‘q emas. Xususan, Turkiya va AQSH Ukrainaning ushbu harbiy blokka qo‘shilishini yoqlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

158

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing