“Don Yevropaga ketyapti”. Putin g‘alla bitimi bo‘yicha Erdo‘g‘anga shikoyat qilmoqchi
Olam
−
07 Sentabr 2022
9540Yozda tuzilgan Istanbul oziq-ovqat shartnomasi belgilangan maqsadlarga erishmayapti – Ukraina tomonidan eksport qilinayotgan deyarli barcha oziq-ovqat Yevropaga jo‘natilyapti. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Sharqiy iqtisodiy forumdagi nutqida aytib o‘tdi.
“Agar biz Turkiyani vositachi davlat sifatida chiqarib tashlasak, Ukrainadan eksport qilinayotgan deyarli barcha don rivojlanayotgan va eng qashshoq mamlakatlarga emas, balki Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga yuborilyapti. Faqat eng muhtoj mamlakatlarga yordam berishni o‘z ichiga olgan BMT Jahon oziq-ovqat dasturi uchun faqat ikkita kema yuklangan. Ta’kidlayman, 87 tadan faqat ikkitasi. Ularga (ikki kemaga – tahr.) ikki million tonna oziq-ovqatning 60 ming tonnasi yuklangandi. Rivojlanayotgan mamlakatlarga atigi 3 foizi to‘g‘ri kelyapti”, degan Putin.
Prezident jahon bozorlarida narxlarning oshishi eng qashshoq mamlakatlarning aksariyati uchun haqiqiy fojia bo‘lishi mumkinligini qayd etgan. Shunday qilib, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, agar 2019 yilda dunyoda 135 million kishi o‘tkir oziq-ovqat ta’minotini boshdan kechirgan bo‘lsa, hozir ularning soni 345 millionni tashkil etadi.
“Eng qashshoq davlatlar eng muhim oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatini butunlay yo‘qotmoqda, chunki rivojlangan mamlakatlarning xaridi narxlarning keskin oshishiga sabab bo‘lmoqda”, deydi RF rahbari.
Shuning uchun, Putin Ukrainadan don olib chiqishni cheklash kerakligini taklif qilib, bu masalani Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan maslahatlashishini aytib o‘tdi.
Avvalroq Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Istanbul kelishuvning Rossiyaga aloqador qismi bajarilmayotganini aytib, kelishuvning amal qilish muddati uzaytirilmasligi mumkinligini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar, Rossiya Milliy Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Ukraina Infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolandi. Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuv Odessa, shuningdek, Chernomorsk va Yujniydan xavfsiz yo‘laklarni yaratishni nazarda tutadi. Ushbu kelishuv jahon bozorlariga kamida 25 million tonna don yetkazib berish imkonini beradi.
Kelishuv kuchga kirganidan keyin avgust oyida Ukraina portlaridan 1,67 million tonnadan ortiq oziq-ovqat eksport qilindi.
LiveBarchasi