“Dok-1 Maks”ni olib kirgan MCHJ sudi qachon bo‘lishi ma’lum qilindi

Jamiyat

image

Ertaga, 13 yanvar kuni “Dok-1 Maks” dorisini O‘zbekistonga olib kirgan “Quramax Medikal” mas’uliyati cheklangan jamiyati ustidan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Sadoqat Qodirberganova QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga “Quramax Medikal” MCHJga nisbatan farmatsevtik faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan litsenziyani bekor qilish bo‘yicha ariza kiritgan. 

Shuningdek, agentlik arizasida qo‘llash uchun yaroqsiz dori vositalarini muomaladan chiqarib, ularni yo‘q qilishni ham so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2022 yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.

Shuningdek, Samarqandda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.

28 dekabr kuni Qashqadaryoda “Dok-1 Maks” siropini ichib yana bir bola hayotdan ko‘z yumgani e’lon qilindi. Namanganda xai “Dok-1 Maks” dorisini qabul qilgan bola vafot etdi. Hozirda ushbu doridan vafot etgan bolalar soni 20 taga yetdi.

Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi.

Keyinroq Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi ushbu dorilarni ishlab chiqarishni to‘xtatgani ma’lum qilindi. Shuningdek, mazkur komaniya tomonidan ishlab chiqarilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi ham to‘xtatildi.

2023 yil 2 yanvar kuni Farg‘onada 3 yashar bola “Dok-1 Maks” siropini ichishi oqibatida doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanayotgani ma’lum qilindi. Sirdaryo viloyatida ham “Dok-1 Maks” siropidan 7 bemor zaharlangani, ularning 4 nafari sog‘aygani va 3 nafari ayni vaqtda jonlantirish bo‘limida ekani haqida xabar berilgandi.

Avvalroq, “Dok-1 Maks” tarkibida me’yordan 300 baravar ortiq zaharli modda borligi aniqlandi. Bundan tashqari, Toshkent viloyatida 9 nafar bola “Dok-1 Maks”dan zaharlangani haqida xabar berildi.

2023 yilning 11 yanvar kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyo aholisini “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siroplaridan saqlanishga chaqirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing