“Dok-1 Maks” qabul qilgan yana bir bola vafot etdi
3-sahifa
−
08 yanvar 2023
10983Namanganda “Dok-1 Maks” dorisini qabul qilgan bola vafot etdi. Bu haqda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, B.Q. ismli bola shifoxonadan tashqari rivojlangan pnevmoniya, o‘tkir kechuvi og‘ir formasi, hazm faoliyatini funksional buzilishi, dispeptik holat, gipovolemiya og‘ir darajasi tashxisi bilan davolangan.
Bola shifoxonaga og‘ir holatda olib kelingan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan u 2022 yilning 21 dekabr kuni vafot etgan.
Aniqlanishicha, vafot etgan bemorning onasi uy sharoitida “Dok-1 Maks” preparatini bolasiga bergan.
Bola vafot etganiga allaqachon 18 kun bo‘lganiga qaramasdan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi jamoatchilikka ushbu holat bo‘yicha ancha kech ma’lumot berdi.
Hozirda ushbu doridan vafot etgan bolalar soni 20 taga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2022 yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.
Shuningdek, Samarqandda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.
28 dekabr kuni Qashqadaryoda “Dok-1 Maks” siropini ichib yana bir bola hayotdan ko‘z yumgani e’lon qilindi.
Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medial” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi.
Keyinroq Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi ushbu dorilarni ishlab chiqarishni to‘xtatgani ma’lum qilindi. Shuningdek, mazkur komaniya tomonidan ishlab chiqarilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi ham to‘xtatildi.
2023 yil 2 yanvar kuni Farg‘onada 3 yashar bola “Dok-1 Maks” siropini ichishi oqibatida doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanayotgani ma’lum qilindi. Sirdaryo viloyatida ham “Dok-1 Maks” siropidan 7 bemor zaharlangani, ularning 4 nafari sog‘aygani va 3 nafari ayni vaqtda jonlantirish bo‘limida ekani haqida xabar berilgandi.
Avvalroq, “Dok-1 Maks” tarkibida me’yordan 300 baravar ortiq zaharli modda borligi aniqlandi. Bundan tashqari, Toshkent viloyatida 9 nafar bola “Dok-1 Maks”dan zaharlangani haqida xabar berildi.
LiveBarchasi