DXX Sirdaryo HETKning ikki xodimini qo‘lga oldi (video)

3-sahifa

image

“Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatining ikki nafar xodimi tadbirkorning tarmoqqa noqonuniy ulanishi uchun ko‘maklashish evaziga deyarli 10 ming dollar so‘ragani aniqlandi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Sirdaryo HETKning ikki xodimi mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli Guliston tumani hududidan o‘tuvchi Sirdaryo o‘zanidan qum-shag‘al qazib olish “karer”iga elektr energiyasi ulab berish uchun 1600 kVt kuchlanishga ega bo‘lgan 1 dona elektr transformatori, 100 dona beton simyog‘och, 17,5 km. masofaga yetadigan yuqori kuchlanishli elektr simlari va boshqa ehtiyot qismlarni tegishli tartibda rasmiylashtirmasdan “Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” hisobidan chiqarib berishni va’da qilgan. Shuningdek sohaga tegishli idoradan ushbu ulanadigan elektr tarmog‘iga texnik shartlarda qayd etilgan talab asosida ijobiy xulosa olib berish ham kelishilgan. Xodimlar bu xizmati evaziga 510 mln so‘m va 5 ming AQSH dollari talab qilishgan.

DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab “Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi”ning Davlat va shartnomaviy xizmatlar ko‘rsatish va rivojlantirish xizmati xodimi oldindan 300 mln so‘m hamda 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.

So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, u 5 ming AQSH dollarini sherigi - korxonaning mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi xizmati xodimiga bergan vaqtida u ham ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168- (firibgarlik) va 211- (pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

firibgarlik

Baholaganlar

267

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing