Shomurodovni mukofotlagan DXX raisi, O‘FAda ish boshlagan Ahmedov... Yilning eng yaxshilari aniqlandi (fotoreportaj)

Sport

image

Bugun, 25 dekabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Professional futbol ligasi tomonidan o‘zbek futbolining 2021 yil yakunlariga bag‘ishlangan “Uz Football Awards-2021” taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. 

“O‘zbek futboli nuroniysi” nominatsiyasi bo‘yicha sport jurnalistikasining eng , o‘zbek sharhlovchiligining asoschisi – Axbor Imomxo‘jayev «O‘zbek futboli nuroniysi» sovrini bilan taqdirlandi. Mukofotni jurnalist Abror Imomxo‘jayev qabul qilib oldi.

“Ushbu inson “Paxtakor” stadioni qurilgach, undan o‘zbek tilidagi ilk futbol reportajini jonli efirga olib chiqqan sharhlovchi hisoblanadi. Uning siymosida yuzlab shogirdlarga ustozlik qilgan fenomen, millionlar o‘yiniga bag‘ishlangan qator kitoblar muallifi, o‘z ovozi bilan barcha o‘zbekistonliklar xonadonigacha kirib borgan insonni ko‘ramiz”, deydi Davron Fayziyev.

Umrining 60 yilini Samarqanddagi “Dinamo” stadioni maysasini parvarish qilishga sarflagan  77 yoshli Sadri Nosirov “Fidoyilik ramzi” sovrini bilan taqdirlandi.

“Jasorat” sovrini O‘zbekiston kar-soqovlar terma jamoasi bosh murabbiyi Murodjon Ahmedovga topshirildi. Eron mezbonlik qilgan surdolimpiada o‘yinlarining Osiyo va Tinch okeani mintaqasi saralashida ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi 3-o‘rinni egallagan va 2022 yil Braziliya mezbonlik qiladigan yozgi surdolimpiada o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan.

Yil davomida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda O‘zPFL bayrog‘i ostida tashkil etilgan musobaqalar va futbolning ommaviylik darajasini oshirishda o‘z hissasini qo‘shayotgan 20 yoshli Faxriddin Ro‘ziyev “eng yaxshi futbol jurnalisti” sovriniga munosib deb topildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi futbol assotsiatsiyasi esa “eng yaxshi hududiy futbol assotsiatsiya” sovrini bilan taqdirlandi.

“Muxlislar mehri” mukofoti joriy mavsumda O‘zbekiston Superligasi uchrashuvlarida o‘z jamoasini qo‘llab-quvvatlashda namuna ko‘rsatgani va futbol ommaviyligini oshirishda qo‘shgan hissasi uchun “Andijon” fan-klubiga topshirildi.

O‘zbekiston futzal terma jamoasi va “Huaxin” (Jizzax) klubi bosh murabbiyi Bahodir Ahmedov “Yilning eng yaxshi futzal murabbiyi” sovrini bilan taqdirlandi. Uning qo‘l ostida O‘zbekiston futzal terma jamoasi tarixda ilk bor Jahon chempionatining guruh bosqichidan pley-off bosqichiga yo‘l oldi. 

Jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, Futzal bo‘yicha Jahon chempionati va O‘zbekiston chempionatida yorqin o‘yinlar namoyish etgan “Huaxin” (Jizzax) klubi futzalchisi Dilshod Rahmatov “Yilning eng yaxshi futzalchisi”, deb topildi. Davron Choriyev, Husniddin Nishonov yakuniy nomzodlar uchligidan o‘rin olgan edi.

“Neftchi” klubi futbolchisi Marko Obradovich “Pro Liganing eng yaxshi futbolchisi” sovrinini qo‘lga kiritdi. U joriy mavsumda 19 ta o‘yinda ishtirok etib, 12 ta gol kiritgan holda jamoasining Superligaga qaytishiga katta hissa qo‘shdi.

Ayollar futboli bo‘yicha “Oliy liganing eng yaxshi futbolchisi” va to‘purari sovrini O‘zbekiston ayollar terma jamoasi yetakchisi va “So‘g‘diyona-W” safida chempionat to‘purari Diyora Xabibullayevaga nasib etdi.

Xabibullayeva jizzaxliklar safida joriy mavsum 19 ta uchrashuvda maydonga tushib, 32 ta gol urishning uddasidan chiqdi. Bu borada u 31 ta gol urgan jamoadoshi ganalik Fuseyna Mumuni hamda 30 ta gol urgan “Bunyodkor-W” a’zosi Dildora Nozimovani ortda qoldirishga erishdi.

Ayollar futboli bo‘yicha “Oliy Liganing eng yaxshi murabbiyi” sifatida Sherali Boboqulov tan olindi. U ushbu mavsumda “So‘g‘diyona-W” jamoasi bilan birgalikda Oliy liga oltin medali va O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritdi.  

Joriy mavsumda xalqaro maydonlarda uchrashuvlar boshqarish bo‘yicha yetakchiga aylangan mutaxassis, 2021 yilda Osiyo chempionlar ligasi, Jahon chempionati saralashining eng muhim uchrashuvlari, shuningdek, Saudiya Arabistoni va Kuvayt chempionati bahslarida ishlagan referi – Ilgiz Tantashev “Yil hakami” sovriniga loyiq ko‘rildi.

Joriy mavsumda “Nasaf” safida 26 ta o‘yinda ishtirok etib, 13 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan futbolchi, O‘zbekiston kubogi sohibi Husain Norchayev Superliganing joriy mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi, deb topildi. Bundan tashqari eng yaxshi yosh futbolchi sifatida ham e’tirof etildi.

“Paxtakor” bilan birgalikda O‘zbekiston Superligasi chempioniga aylangan, jamoaning yetakchi futbolchilaridan biri – Dragan Cheran 16 gol va 4 ta golli uzatma evaziga chempionat to‘purariga aylandi.

O‘zbekiston Superligasining ushbu mavsumdagi chempioni va O‘zbekiston Superkubogi g‘olibi – Piter Xyuistra “Eng yaxshi murabbiy” sovriniga loyiq ko‘rildi.

“O‘zbekistonning eng yaxshi ayollar murabbiyi” sifatida yosh iqtidorlarni katta futbolga yetkazib berishda jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan mutaxassis – Ilhom Hanjariyev, deb topildi. 

“Bunyodkor-W” ayollar jamoasi bilan birgalikda klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ishtirok etgan futbolchi – Dildora Nozimova “Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi” sovrini bilan taqdirlandi.

Ayollar futboli bo‘yicha “Oliy liganing eng yaxshi futbolchisi” va to‘purari sovrini O‘zbekiston ayollar terma jamoasi yetakchisi va “So‘g‘diyona-W” safida chempionat to‘purari Diyora Xabibullayevaga topshirilgan edi.

Shuningdek, bir necha yildan buyon OKMK (Olmaliq) U-21 jamoasi bilan sovrinli o‘rinlar uchun kurashib kelayotgan mutaxassis A’zam Sherg‘oziyev “O‘zbekistonning eng yaxshi yoshlar murabbiyi” sovrini bilan taqdirlandi. Sherg‘oziyev ushbu mavsumda jamoasi bilan tarixda ilk bor U-21 chempionati g‘olibiga aylandi.

Darvozabon:
O‘tkir Yusupov (“Navbahor”)

Himoyachilar:
Marko Kolakovich (“So‘g‘diyona”)
Anzur Ismoilov (“Paxtakor”)
Husniddin Aliqulov (“Nasaf”)
Sherzod Nasrullayev (“Nasaf”)

Yarim himoyachilar:
Sanjar Tursunov (OKMK)
Erkin Boydullayev (“Qizilqum”)
Dragan Cheran (“Paxtakor”)

Hujumchilar:
Shohruz Norxonov (“So‘g‘diyona”)
Xusain Norchayev (“Nasaf”)
Azizbek Amonov (“Lokomotiv”)

Murabbiy:
Ulug‘bek Baqoyev (“So‘g‘diyona”)

“Nasaf” klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev “Yilning eng yaxshi murabbiyi” sovriniga munosib deb topildi. 

Joriy mavsumda murabbiylar o‘rtasidagi raqobat ham yuqori bo‘ldi. Xususan, kuchli uchlikdan o‘rin olgan har bir nomzod o‘z jamoasi bilan birgalikda nafaqat chiroyli o‘yinlar, balki iroda ham ko‘rsata oldi. 

Xususan, Ulug‘bek Baqoyev qo‘l ostidagi “So‘g‘diyona” klubi mavsum yakunida OKMK, “Nasaf” va “Bunyodkor” kabi raqobatchilarni ortda qoldirib, kumush medallarga ega chiqdi. Ro‘ziqul Berdiyev boshqaruvidagi “Nasaf” klubi esa OFK kubogining finaliga qadar yetib bordi, mamlakat kubogining g‘olibiga aylandi. Timur Kapadze O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bilan ishonchli o‘yinlar o‘tkazdi, “Olimpik” jamoasi bilan birgalikda Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Roma” klubi hujumchisi Eldor Shomurodov “Yilning eng yaxshi futbolchisi” sovrini bilan taqdirlandi. Shomurodovga sovrinni O‘FA prezidenti, O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov topshirdi.

U mazkur sovrin uchun raqobatda “Al-Nassr” futbolchisi Jaloliddin Masharipov va “Nasaf” to‘purari Husain Norchayevni ortda qoldirdi. 

Eslatib o‘tamiz, Shomurodov 2019 yilda ham O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi, deb topilgan edi.

Mukofotni qo‘lga kiritganidan so‘ng, Eldor Shomurodov bundan u qadar xursand emasligini, agar xotirjamlikka berilsa, Odil Ahmedovning rekordini yangilay olmasligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdan tashqari Kongressi ham o‘tkazildi. Unda O‘FAning ichki masalalari muhokama qilindi va O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Ahmedov Odil Olimjonovich O‘FA vitse-prezidenti lavozimi hamda O‘FA Ijroiya qo‘mitasining a’zoligiga tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Abdusalom Azizov O'FA Ravshan Ermatov Eldor Shomurodov O'zPFL

Baholaganlar

256

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing