DXX raisi Yakkabog‘ga bordi. U hokim o‘rinbosarining harakatini qoralayapti

Jamiyat

image

Kecha 27 iyul kuni oqshom soatlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumanining “Eski Yakkabog‘” hududida bo‘lib, holat yuzasidan viloyat mas’ullari bilan muloqot qildi. Bu haqda tuman hokimligi Matbuot xizmati rahbari Bozor Azizov ma’lum qilmoqda.

Bozor Azizovga ko‘ra, Abdusalom Azizov Bahriddin Isomovga tegishli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish do‘koni beton g‘ishtdan qurilgan bino ekanligini ta’kidlab, bu binoni buzishga uringan tuman mas’ullari ishini qoralagan.

“Odatda paxsa devordan bo‘lgan yoki bugungi kun talabiga javob bermay qolgan bino buziladi-ku, nega tadbirkorning bu binosiga tegildi?”, deya qattiq koyib gapirgan Abdusalom Azizov.  

DXX raisi shuningdek, bugungi kun tadbirkorlari xalqni boqayotganini, shu boisdan ham tadbirkorga halal berish o‘rniga, unga yordam berish zarurligini ta’kidlagan.

Ma’lum qilinishicha, DXX rahbari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda Eski Yakkabog‘ hududi bir hafta mobaynida “Obod markaz”ga aylanishi lozimligi, buning uchun viloyatdan kerakli yordam berilishi aytilgan. Qolaversa, tuman hokimligi vakillarining xatti-harakatlaridan aziyat chekkan fuqarolar Nizom Vohidov, Dilfuza Boqiyeva, Farruh Jabborov hamda Zafar Jo‘rayevlar kabi uy-joyi buzilgan 7 nafar fuqaroga hamda hovli devorlari buzilgan 27 nafar fuqaroga 1 mlrd 700 million so‘m konpensatsiya pullari to‘lab berilishi ta’kidlangan.

Bozor Azizovning qo‘shimcha qilishicha, tumanga hozircha yangi rahbar tayinlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayev tadbirkorga tegishli binoni buzishga kirishgan bir vaqtda, tadbirkor o‘ziga tegishli binoning buzilishiga faol qarshilik ko‘rsatib, hokim o‘rinbosarining ustiga benzin sepgan va uni yoqib yuborgan. 

Hodisa oqibatida tuman hokimi o‘rinbosari tanasining 35-40 foizi kuyib, shifoxonaga yotqizilgan. Fuqaro B.I.ga nisbatan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mazkur voqeadan so‘ng, zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda davlat rahbari hokimlarni quyidagicha ogohlantirdi. 

“Barcha hokimlarni qat’iy ogohlantiraman – asosli zarurat bo‘lmagan holda tadbirkorlarga tegishli mol-mulkni buzishga umuman yo‘l qo‘yilmasligi zarur va shart”.

Kecha, 27 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida esa Prezidentning tadbirkorlarning mol-mulki daxlsizligi va uni buzish hamda ularga zarar yetkazish qat’iy taqiqlanishi bo‘yicha bergan topshiriqlarini buzganligi uchun Yakkabog‘ tumani hokimi (Donayev), tuman prokurori (Xalilov) tuman hokimini qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari (Tuymayev)ning xatti-harakatlari keskin tanqid qilindi va egallab turgan vazifasidan ozod etildi.

Tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tuymayev Xurramovich o‘z vakolatiga kirmaydigan xatti-harakatlarni amalga oshirgani sababli unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli bandlari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Abdusalom Azizov Yakkabog' tumani

Baholaganlar

118

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing