DXX poytaxt, Xorazm va Toshkent viloyatlarida noqonuniy yer sotayotganlarni ushladi
3-sahifa
−
14970 2 daqiqa
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahri, Xorazm va Toshkent viloyatlarida o‘tkazgan tezkor tadbirlarida noqonuniy yer savdosi bilan shug‘ullanayotgan shaxslar ushlandi.
Xususan, Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi 1990 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro bilan kelishgan holda, Urganch tumanidagi MCHJ balansida bo‘lgan 30 sotix yer maydonini tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxs nomiga tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga 50 ming AQSH dollari talab qilgan.
DXXning Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, ular so‘ralgan puldan 30 ming AQSH dollarini olgan vaqtlarida ushlangan.
Xorazmda kuzatilgan yana bir holatda esa Xiva shahrida yashovchi, 1984 y.t. fuqaro tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxsga Urganch shahri hududidan 2 sotix yer maydoni olib berish uchun 30 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 20 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi, 1992 va 1993 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro o‘zganing ishonchiga kirib, unga Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan fermer xo‘jalik balansida bo‘lgan 1,9 gektar yer maydonini olib berish evaziga 605 ming AQSH dollari talab qilishgan.
DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida, ular so‘ralgan puldan 60 ming AQSH dollarini avans sifatida olgan vaqtlarida qo‘lga olingan.
Toshkent viloyatida aniqlangan holatda ma’lum bo‘lishicha, Chinoz tumanida yashovchi, 1965 y.t. fuqaro o‘g‘liga tegishli bo‘lgan, chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligining 1,8 gektar yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 25 ming AQSH dollari talab qilgan.
DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u oldindan 10 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Namanganda soliq inspeksiyasi boshlig‘i 15 ming dollar pora bilan ushlangani haqida xabar bergan edik.
Live
Barchasi