DXX Afg‘oniston va Tojikiston narkor’erlarini qo‘lga oldi

3-sahifa

image
0:00
0:00
download

O‘zbekistonning Afg‘oniston va Tojikiston bilan chegarada joylashgan Surxondaryo viloyatida 23,5 kg narkotik musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida tojikistonlik narkokur’er tomonidan Sariosiyo tumaniga o‘tkazilib, xufiyona joyga yashirib ketilgan 7 kg 969 gr. “gashish” moddasini olib, kelgusida Farg‘ona vodiysidagi jinoiy sheriklariga sotishni rejalashtirgan, Qo‘qon shahrida yashovchi, 1980 y.t. shaxs qo‘lga olingan.

Termiz shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 1978 yilda tug‘ilgan muqaddam giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan mahalliy fuqaro Tojikistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan 5 kg 83 gr. “opiy” va 896 gr. “gashish” moddalarini sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan. 

1992 yilda tug‘ilgan Afg‘oniston fuqarosi chamodanga xufiyona joylashtirilgan 3 kg 884 gr. “opiy” moddasini kelgusida sotish maqsadida bojxona ko‘rigidan yashirincha o‘tkazib, Termiz shahriga olib kelgan vaqtida ushlangan.

Termiz tumanida qayd etilgan holatda bo‘lsa Denov tumanida yashovchi, 1987 va 1998 yillarda tug‘ilgan 2 fuqaro xaridorga 997 gr. “opiy” moddasini 2 ming AQSH dollari hamda 40 mln. so‘mga sotayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan ushbu narkotikning egasi, Denov tumanida yashovchi, 1999 y.t. shaxs ham ushlangan.

Shuningdek, afg‘onistonlik narkosavdogarlar tomonidan berib yuborilgan 730 gr. “opiy” va 3 kg 953 gr. “gashish” moddalarini Termiz shahrida qabul qilib olgan vaqtida Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 1965 y.t., muqaddam sodir etgan narkojinoyati uchun sudlangan shaxs ham qo‘lga olingan. 

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 10 kg 694 gr. “opiy” va 12 kg 818 gr. “gashish” giyohvandlik vositalari musodara qilingan.

Qayd etilishicha, hozirda barcha holatlar yuzasidan DXX Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo giyohvand modda

Baholaganlar

337

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing