DXX hokim o‘rinbosari, agentlik va inspeksiya xodimlarini qo‘lga oldi (video)
3-sahifa
−
07 iyul 19168 2 daqiqa
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani hokimining o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Beruniy tumani hokimining o‘rinbosari Taxiatosh tumanida faoliyat olib borayotgan qizilmiya ildizlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan MCHJ rahbariga qizilmiya ildizini yetishtirishi uchun Beruniy tumani hududidan 150 gektar yer maydoni ajratib berish evaziga 12 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Namangan viloyatida qayd etilgan holatda esa, Kosonsoy tumanidagi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbari mazkur xo‘jalikning 24 gektar yer maydonini mansabdor tanishi orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 240 ming dollar talab qilib, oldindan 50 ming dollar olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning mansabdor tanishi hisoblangan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni rivojlantirish agentligi” davlat muassasasining Kosonsoy tuman loyiha ofisi bosh mutaxassisi yuqoridagi yer maydonini rasmiylashtirib berish evaziga 10 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Andijon viloyati boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida faoliyat yurituvchi mansabdor shaxs Andijon tumanidagi paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan 6 sotix yer maydoniga noqonuniy qurilgan bino va inshootlar bo‘yicha hisoblanishi kerak bo‘lgan zararni kamaytirib xulosa berish evaziga 1000 dollar olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Ohangaron shahar hokimligida bo‘lim boshlig‘i lavozimida faoliyat yurituvchi mansabdor shaxs boshqa bir shaxsning ishonchiga kirib, sud orqali uning ishini hal qilib berish maqsadida pul talab qilgani uchun qo‘lga olingandi.