Diplomatiyada noodatiy lahza! Ikki Prezident “koreyscha yurakcha”ni ko‘rsatdi (video)
Olam
−
28 iyul 4214 2 daqiqa
Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva va Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon rasmiy uchrashuvdan so‘ng kameralar qarshisida qo‘llari bilan “barmoq yurak” ishorasini ko‘rsatib, suratga tushdi. Bu holat esa ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ikki davlat rahbari bugun, 28 iyul kuni Braziliya poytaxtida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng jurnalistlar qarshisiga chiqqan. Savdo va investitsiyalarga bag‘ishlangan uchrashuv yakunida ular kulib, qo‘llari bilan Janubiy Koreyada mashhur bo‘lgan “yurak” ishorasini ko‘rsatgan.
Mazkur ishora Koreya madaniyatida mehr, do‘stlik va yaqinlik ramzi hisoblanadi. U K-pop va koreys ommaviy madaniyati ta’sirida butun dunyoga tarqalgan.
Uchrashuv davomida esa tomonlar iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qilgan. Jumladan, Janubiy Koreya va MERCOSUR o‘rtasidagi erkin savdo kelishuvi bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishilgan. Shuningdek, muhim foydali qazilmalar, ta’minot zanjirlari va energetika sohalaridagi hamkorlik masalalari ham kun tartibidan joy olgan.
Ikki yetakchining samimiy ishorasi esa rasmiy uchrashuvning eng ko‘p e’tibor qaratilgan lahzalaridan biri bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy poytaxti Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan davlat banketi chog‘ida Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon Xitoy rahbari Si Szinpin bilan birga selfi olgandi. Bu holat ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar iliqlashib borayotganining ramziy ifodasi sifatida baholangan edi.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust