Mehnat vaziri “Cotton Campaign”dan o‘zbek paxtasidan boykotni olishni so‘radi

Jamiyat

image

O‘zbekiston hukumati koronavirus tarqalishining oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda. O‘zbekistonning ayrim sohalari va bizneslari moslashishga, hukumat esa aholining zaif qatlamlariga yordam berishga harakat qilayotganligi bois mamlakat iqtisodiyotini saqlab qolish uchun qo‘shimcha harakatlar talab etiladi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri “Cotton Campaign” koalitsiyasining hammuassisi janob Bennet Friman, Ishchilar huquqlari bo‘yicha Xalqaro Forumning ijrochi direktori Judi Gerxard xonim, “Cotton Campaign” koordinatori Ellison Gillga mamlakatda ishlab chiqarilgan paxta mahsulotlaridan foydalanish uchun boykotni olib tashlashni so‘rab murojaat qildi.

Vazirning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Hukumati “Cotton Campaign” koalitsiyasi ko‘magida ishlab chiqilgan “Islohotlarning yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish doirasida, shuningdek, mamlakatning barcha fuqarolari uchun ijtimoiy ta’minot va inson huquqlarini himoya qilish borasida majburiyatlarga muvofiq majburiy mehnatning barcha shakllarini bartaraf etish bo‘yicha qat’iy chora-tadbirlarni amalga oshirishda davom etmoqda.

“Ushbu majburiyatlarning bajarilishi bir necha muhim huquqiy hujjatlarda aks ettirilgan. Jumladan, joriy yil boshida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev majburiy mehnatdan foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilishini nazarda tutuvchi qonunga imzo chekdi. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi”ni tasdiqladi. Shu bilan agrar sektorda davlat rolini kamaytirdi.

Joriy yilning 6 mart kuni tarixiy hujjat – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra O‘zbekiston 2020 yildan boshlab paxta ishlab chiqarishni, narxni va majburiy sotishni davlat tomonidan tartibga solishdan voz kechadi.

Yaqinda qabul qilingan ushbu qonun hujjatlari shundan dalolat beradiki, O‘zbekiston hukumati xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va fuqarolik jamiyati vakillari bilan hamkorlikda O‘zbekiston paxtachilik tarmog‘ida islohotlarning yangi bosqichini boshlashga tayyor.

Yangi islohotlar davriga o‘tishda aholiga zarur o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun koalitsiya tomonidan imzolangan Uzbek Cotton Pledge majburiyati doirasida o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykotni olib tashlashni so‘rayman.

Xalqaro mehnat tashkilotining so‘nggi ma’ruzasi “2019 yil, paxta hosilini yig‘ish davrida tizimli majburiy mehnat holatlari qayd etilmagan” va “O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi davrida bolalar mehnati qo‘llanilmayapti”, deya tasdiqlaydi. Biz ushbu yutuqlardan faxrlanamiz va natijalarimizni yaxshilashga qat’iy qaror qildik. Albatta, biz O‘zbekistonda mehnatkashlarning huquqlarini himoya qilish borasida hali katta ishlar amalga oshirish kerakligini to‘liq anglaymiz va koalitsiya tomonidan yaqinda aytib o‘tilgan muhim tavsiyalarni biz uchun ustuvor ahamiyatga ega deb hisoblaymiz.

Shu kunlarda koronavirus pandemiyasi sabab O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash va iqtisodiyot sohalari ko‘rilmagan xavfga duch keldi. Xalqaro mehnat tashkilotining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab 25 million kishi o‘z ishini yo‘qotishi mumkin va ishchilarning daromadlari kamida 3,4 trillion dollarga kamayadi. AQSH va O‘zbekiston ham bundan xoli emas.

Bugungi kunda O‘zbekiston mehnat bozori misli ko‘rilmagan bosimga duch kelmoqda: respublikamizning bir yarim milliondan ortiq fuqarosi ishsiz. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keskin (choralar) izolyatsiya tufayli 150 ming fuqaro majburan ishsiz qoldi, chet eldan qaytgan 140 mingdan ortiq fuqarolarimiz doimiy daromadlaridan mahrum bo‘lishdi, 200 mingdan ortiq oila qashshoqlik yoqasida.

Davlat korxonalari, xususiy sektor va butun mehnat bozori yangi sharoitlarga imkon qadar ko‘proq moslashishga harakat qilmoqda. Ammo milliy iqtisodiyotimiz juda zarur bo‘lgan yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun katta kuch sarflashi kerak.

Shu bois paxta boykotini olib tashlash haqidagi qaroringiz hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin. O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati aholi bandligini ta’minlashda yetakchi tarmoqlardan biridir. Faqat ishlab chiqarishda qariyb 7 000 korxonada 200 mingdan ortiq aholi ish bilan band bo‘lganligi bois bir million aholi barqaror daromadga ega. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘zbek paxtasidan boykot olib tashlansa, to‘qimachilik mahsulotlarining umumiy eksport hajmi ikki barobarga ortishi mumkin. Bu esa xalqimiz uchun zarur ish o‘rinlarini yaratadi.

AQSH va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksportni qayta tiklash COVID-19 ga qarshi global kurashda muhim rol o‘ynashi mumkin. O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilari qisqa vaqt ichida vaziyatga moslashgan holda shaxsiy himoya vositalari ishlab chiqarishni o‘n barobarga oshirdi. Ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar boykotga duch kelmaganida, o‘zbek to‘qimachiligida tayyorlangan niqoblar, jarrohlik liboslari va boshqa turdagi shaxsiy himoya vositalari yuzaga kelayotgan global vaziyatni bartaraf etishda madad bo‘lishi mumkin edi”, deyiladi murojaatda.


Maqola muallifi

Teglar

paxta boykot

Baholaganlar

50

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing