Dilmurod Ergashev karantinni bekor qilib, sog‘ayganlarga immunologik pasport berishni taklif qilyapti

Jamiyat

image

Butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham karantin samara bermay qo‘ygan. Bu haqda “Doctor D” klinikasi rahbari Dilmurod Ergashev “Yuksalish” umummilliy harakatida Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan “Xususiy klinikalar litsenziyalarini bekor qilish – muammoga yechimmi?” mavzusidagi davra suhbatida ma’lum qildi. 

“Karantin yopiq bo‘lishi kerak, hech kim kirmasligi, hech kim chiqmasligi kerak. Chet eldan odamlarimizni olib kelyapmizmi, kasal odamlarning kirishiga ruxsat beryapmizmi, demak karantin yo‘q. Ochib yuborish kerak. Mana, Shvetsiya, Belarusda ko‘ryapmiz, kunlik kasallanish 100 ga yaqin, xolos. Bizda esa qanchadan qancha kasal, o‘lim... O‘lim faqat koronavirusdan emas”, deydi shifokor. 

Klinika rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda qayd etilayotgan o‘lim holatlarning hammasi ham koronavirus bilan bog‘liq emas. Bu vahimaga ham asos bo‘la olmaydi. Aksincha, yurak xastaligi, onkologik kasallik chalinganlar va boshqa bemorlar o‘sha kasallikni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalar yopiq bo‘lgani sabab vafot etgan. Mamlakatdagi asosiy resurslar koronavirusni davolashga yo‘naltirilgan. 

Sog‘liqni saqlash vazirining “Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash mezonlarini tartibga solish va retro-prospektiv tahlil o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyrug‘i e’lon qilingan edi. Unga ko‘ra xususiy tibbiyot tashkilotlarining koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan bog‘liq faoliyati bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish, shu jumladan, ularning litsenziyalarini bekor qilish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalarini kiritilishining belgilanishi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilmoqda.

Shifokor Dilmurod Ergashev bu haqida gapirarkan, SSV tomonidan koronavirusni davolash bo‘yicha qo‘llanma asosida ish yuritish bir muncha qiyinchiliklarni tug‘dirishini aytadi. U osma ukollar masalasida gapirarkan, yo‘ldosh kasalliklari bor ayrim bemorlarga shifokorlar osma ukol qilishiga to‘g‘ri kelishini, buni bemorni ko‘rmasdan turib berilgan tavsiyalar asosida davolash vaziyatni qiyinlashtirayotganini qo‘shimcha qiladi.  

“Men uyda bemorlarni davolamayman deb imzo qo‘yib berdim. Lekin shifoxonada joy bo‘lmasa, qayerda davolashimiz kerak?”, deydi Ergashev. 

O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etilgandan buyon ushbu kasallikka chalingan bemorlarni davolash bo‘yicha 6 ta vaqtinchalik qo‘llanma yaratildi. Dilmurod Ergashev ushbu qo‘llanmalar masalasiga to‘xtalarkan, ularning hadeb o‘zgarishi to‘g‘ri emasligini aytadi. 

“Aslini olganda, ushbu kasallik 80 foiz bemorda yengil o‘tadi. 20 foiz bemorlarda og‘ir, 1,5-2 foizda  o‘ta og‘ir o‘tmoqda. Bizda yoz, ammo shimoldagi mamlakatlarda kasallik juda og‘ir kechmoqda. Hozir qancha odam kasal bo‘lgan bo‘lsa, shuncha antitana paydo bo‘ldi. Ularga kasal bo‘lib o‘tgani va jamiyatga qo‘shilishi bo‘yicha immunologik pasport berish mumkin. Odamlarni karatin qilib ishlatmay qo‘yganimizdan, iqtisod tushib, ahvol yomonlashib ketishi mumkin. Karantin va odamlarni chegaralash masalalarini qaytadan ko‘rib chiqish kerak. Yopish bilan hech narsani to‘xtata olmaymiz, aksincha, iqtisod ortga qarab ketadi. Mendan so‘rasangiz, chillada ko‘proq odam kasal bo‘lib o‘tib olgani yaxshi”, deydi Ergashev. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori bilan mamlakatda kuchaytarilgan karantin 15 avgustgacha uzaytirilgan edi. Endilikda karantin choralarining yumshatilishi kutilmoqda. Ayri viloyatlarda allaqachon karantin cheklovlarini olib tashlash boshlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Dilmurod Ergashev

Baholaganlar

267

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing